Kartoshka urug‘ligi “In-vitro” usulida yetishtirilmoqda
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “CS – BIO SAMARKAND” qo‘shma korxonasi tomonidan Janubiy Koreyaning “In-vitro” biotexnologiyasi asosida import o‘rnini bosuvchi kartoshka urug‘ligi yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida tadbirkorning 7 milliard so‘m o‘z mablag‘i hamda Janubiy koreyalik investorning 6,5 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoyasi evaziga respublikada birinchilardan bo‘lib “In-vitro” biotexnologiyasi bo‘yicha kartoshka urug‘ligi yetishtirishga ixtisoslashgan zamonaviy laboratoriya ish boshladi. Laboratoriyada 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, bir dona mikro tubikdan 50 ming dona, virus va turli kasalliklardan xoli, iqlim sharoitimizga mos, serhosil kartoshka urug‘ligi yetishtirish imkoniyati yaratildi. Ayni kunlarda bu yerda kartoshkaning “Santa”, “Pikasso”, “Nevskiy”, “Summi” va “Salbolting” navlari yaratilmoqda.
Qo‘shma korxona tomonidan “In-vitro” biotexnologiyasi asosida bir yilda 6,5 gektar zamonaviy issiqxonalarda 900 gektar yerga yetadigan sifatli, super elita avlodga mansub kartoshka urug‘lari yetishtirilmoqda.

– Bizda ushbu texnologiya asosida kartoshka urug‘ligi yetishtirish ancha takomillashgan, – deydi “CS–BIO SAMARKAND” qo‘shma korxonasi bosh lobaranti Janubiy koreyalik mutaxassis Kim Seo Hui. – O‘zbekistonda ham bugun bu tizim keng qo‘llanilmoqda. Laboratoriyamizda kartoshka urug‘ligi yetishtirishda buyurtmachining talabiga alohida e’tibor qaratiladi. Hozirda besh xil kartoshka urug‘i yaratilayotgan bo‘lsa, kelgusida O‘zbekistonning urug‘lik kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojining 20-25 foizini ta’minlash imkoniyati mavjud.
Zamonaviy laboratoriyada bir dona mikro tubikdan 50 ming donadan ortiq kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi. Urug‘lik kartoshkaning onalik tugunchasidan istalgancha nishona olinib, qariyb 30 kun davomida laboratoriyada parvarishlanadi. So‘ngra korxona qoshida zamonaviy gidroponika usulida barpo etilgan issiqxonalarda ko‘paytiriladi.
“CS–BIO SAMARKAND” qo‘shma korxonasi ta’sischisi Firdavs Rajabovning ma’lum qilishicha, kelgusi yildan boshlab Samarqanddagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklariga 15 ming gektar yerga yetadigan super elita avlodiga mansub kartoshka urug‘lari yetkazib beriladi.
G‘.HASANOV, O‘zA