Karmanaliklar paxta xirmonini bunyod etdi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 143 ta fermer xo‘jaligi 5440 gektar maydonga chigit qadab, 18 ming 546 tonnalik “oq oltin” xirmonini yaratdi.
Bunda tumandagi “Avez Bobo”, “Ibrohim Maxsum”, “Qahramon”, “Axatxon Avazov”, “Vohid Mustafo”, “Lochin”, “Komil Mirzo kelajagi” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklari paxtachilikda yuqori natija va hosildorlikka erishib, birinchilardan bo‘lib yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib oldi va ulkn xirmon yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi.
– Mening ota-bobolarim yer chopib, dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgani bois men ham fermer bo‘ldim, – deydi “Lochin” fermer xo‘jaligi rahbari Doniyor Rajabov. – Shu yil 41 gektar yer maydonda paxta yetishtirib, 165 tonna hosil oldik. Daromad ham shunga yarasha bo‘ldi. Erishayotgan yutuqlarimiz, avvalo, yangi tizim, yangicha yondashuv bilan bog‘liq. Ya’ni, klaster tizimi o‘zining samarasini yaqqol ko‘rsatdi. Yangi tizim va yangi korxonada o‘g‘it, agrotexnik tadbirlarni kerak vaqtda o‘tkazish, ishlov muddatlariga to‘la rioya qilinishi va albatta mehnatga haq to‘lash, yuqori manfaatdorlik ushbu muvaffaqiyat omili bo‘ldi.

Yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, kuzning qirovli kunlariga qoldirmasdan yig‘ishtirib olishda terimchilarning ham o‘rni beqiyos, albatta.
– Har yili oilamiz daromadini oshirish maqsadida paxta terimiga chiqaman, – deydi ilg‘or terimchilardan biri Nargiza Hamroyeva. – Bu yilgi paxta terimi juda yaxshi o‘tdi, terimchilarga barcha sharoitlar yaratilgan. Hattoki ilg‘or terimchilarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar berildi. Paxta terimi pulini ham har besh kunda olib turdik.
Dalalarda hali hosil mo‘l, yig‘im-terim ishlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA