Karim Benzema “Al-Hilol”ni tark etadi
Variantlar orasida professional faoliyatini yakunlash yoki Saudiya Arabistonining boshqa klubiga o‘tish mavjud.
Fransiyalik hujumchi Karim Benzema “Al-Hilol” bilan xayrlashadi. 38 yoshli futbolchi va Saudiya Arabistoni klubi o‘zaro kelishuv asosida shartnomani muddatidan oldin bekor qilishga kelishib oldi.
Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, Benzema endi faoliyatining keyingi bosqichi borasida qaror qabul qilishi kerak. Variantlar orasida professional faoliyatini yakunlash yoki Saudiya Arabistonining boshqa klubiga o‘tish mavjud. Yevropa futboliga qaytish esa hozircha ko‘rib chiqilmayapti.
Benzema 2026-yil fevralida “Al-Ittihod”dan ketgach, “Al-Hilol” safiga qo‘shilgandi. U yangi jamoasi safida 16 ta uchrashuvda 10 ta gol urib, 5 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Benzema Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishidan avval 14 yil davomida “Real Madrid” sharafini himoya qilgan. Fransiyalik futbolchi faoliyati davomida 34 ta jamoaviy sovrin, jumladan besh marta Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.