Karatechilarimiz Qozog‘istonda zafar quchdi
Qozog‘istonning Taraz shahrida shinkiokushinkay karate bo‘yicha xalqaro turnirda hamyurtlarimiz ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Jambil viloyatining tashkil topganiga 85 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu nufuzli musobaqada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan 200 nafardan ziyod ishtirokchi medallar uchun bahs olib bordi. Unda mamlakatimiz sharafini Mutal Nazarov boshchiligidagi "NURHAS" shinkiokushinkay karate markazi sportchilari himoya qildi.

Xalqaro turnirda Mirzohid Xolboyev (-30 kg.) va Saidaziz Asqarov (-35 kg.) o‘z yosh toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘n uch yoshlilar guruhida esa Ozodbek Abduraupov (+45 kg.) kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Muhammadali Nazarov (+45 kg.) bronza medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, Mutal Nazarov musobaqaning eng yaxshi hakami deya e’tirof etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA