Karate O‘zbekistonga qachon kirib kelgan?
Ota-bobolarimiz qadimdan jangovar kurash turlari bilan shug‘ullangani, uning turli usullarini o‘zlarida mukammallashtirgani sababli xalqimiz orasida sharq yakka kurashlariga qiziqish juda yuqori.
Bu haqda tarixiy bitiklarda, manbalarda bot-bot aytilgan, yozilgan. Shuning uchun ham jamoatchilik, ayniqsa yoshlar orasida sharq yakkakurashlariga xususan, yaponlarning milliy o‘yini darajasidan sport turi maqomiga ko‘tarilgan karatega e’tibor boshqacha.
Xo‘sh, karate rasmiy sport turi sifatida O‘zbekistonga qachon kirib kelgan? Birinchi mamlakat chempionati qachon o‘tkazilgan? Yurtimizdan yetishib chiqqan eng nomdor karatechilar kimlar bo‘lgan? bugungi kunda mamlakatimizda karatening nechta yo‘nalishida rasmiy musobaqalar o‘tkaziladi?
O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi vitse-prezidenti Burhon Rahmonovning fikricha, karate yurtimizga 1970 yillarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida sharq mamlakatlari yoshlarining ta’lim olishi orqali kirib kelgan.
Ayniqsa, karatening O‘zbekistonda keng yoyilishida Samarqand shahri katta rol o‘ynagan. Shahardagi Qishloq xo‘jalik institutida o‘qigan xorijlik talabalar bilan shug‘ullangan o‘sha kezlardagi yoshlar keyinchalik mamlakat karatesining yetakchilari bo‘lib yetishgan. Ular aka-uka Arnold va Oleg Rish, Otar Mochevaryan, Axat Nosirov, Vladislav Soy, Qurbon Yusupov, Toshkentda Eduard Pak, Arslon Elov, Valmir Ligay, ularning ortidan kamolga yetgan toshkentlik Bahodir Saidov, Mixail Golovanov, Hujamqul Xujaqulov, Toshkent viloyatidan Oleg Pyak, Sergey Zinyuk, Po‘lat Usmonov, Vitaliy Apallon, samarqandlik Vladimir Mironov, andijonlik Odil Norxo‘jayev, surxondaryolik Toshpo‘lat Baratov, qo‘qonlik Mo‘min Qo‘lijonov, qoraqalpog‘istonlik Ilhom Irimmetov kabi o‘nlab insonlar yurtimizda karatening ommalashishiga beqiyos hissa qo‘shgan.
Karate bo‘yicha birinchi Sobiq ittifoq chempionati 1982 yili Toshkentda o‘tkazilgan. O‘shanda O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan.
[gallery-7610]
O‘zbekiston karate federatsiyasi 1990 yillarning boshida mas’uliyati cheklangan jamiyat tarzda tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi 1997 yili rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
bugungi kunda mamlakatimizda karatening bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha turli-tuman musobaqalar, turnir va chempionatlar o‘tkaziladi. Lekin ular orasida shotokan, shitaryu, vodaryu, godjiryu, kiyokushinkay, an’anaviy karate ommalashgan. Aynan ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha karate federatsiyalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ular orasida eng ommalashgani to‘rtta yo‘nalish – shotakan, vodaryu, godjiryu va shitaryuni o‘zida mujassamlashtirgan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi yo‘nalishida, ya’ni Xalqaro karate federatsiyasi(WKF) tizimidagi musobaqalar hisoblanadi.
O‘tgan davr mobaynida karate yo‘nalishlari bo‘yicha yurtimizdan bir qator chempionlar, xalqaro turnirlarning g‘oliblari, Osiyo o‘yinlari sovrindorlari yetishib chiqdi. Karate WKF yo‘nalishida yoshlar o‘rtasida jahon chempionati sovrindori va Osiyo o‘yinlari g‘olibasi Sofiya Kaspulatova, yoshlar olimpiadasi sovrindori Dildora Aliqulova, kattalar o‘rtasida 2021 yil Dubay shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekistondan yetishib chiqqan birinchi jahon chempioni Doston Otabolayev, Universiada g‘olibi, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni, Islom o‘yinlari g‘olibi va Osiyo o‘yinlari sovrindori Sadriddin Saymatov kabi sportchilar erishgan natijalar yurtimiz karatechilarining hozircha eng yuqori ko‘rsatkichlari hisoblanadi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatimizda karatening turli yo‘nalishlarida 50 mingga yaqin kishi mavjud klub va guruhlarda shug‘ullanadi.
Yurtimiz karate WKF ustalari shu kunlarda joriy yilning avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida o‘tadigan V Islom birdamlik o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda.
Burhon Rahmonovning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik karatechilarning o‘sish darajasi son jihatdan emas, sifat ko‘rinishida yuksalmoqda. Jahon miqyosidagi har qanday rasmiy chempionatda sovrindor va g‘olib bo‘ladigan karatechilarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Faqat ular bir maqsad atrofida birlashtirilsa, yo‘naltirilsa kifoya. Muhimi, buning uchun davlatimiz tomonidan boshqa sport turlari qatori karatechilarga ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA