Karate: ikki nafar hamyurtimiz Osiyo chempionati finalida
Xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport majmuasida karate (WKF) boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati bahslariga start berildi.
Xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport majmuasida karate (WKF) boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati bahslariga start berildi.
Hozirgacha bir nechta vazn toifalarida saralash janglari yakuniga yetib, finalga yoʻl olgan sportchilar maʼlum boʻldi. Quvonarlisi, ayollar oʻrtasida oʻtayotgan musobaqalarda ikki nafar vakilamiz oʻzlariga bildirilgan ishonchni oqlab, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Jumladan, vazn toifasi 50 kilogacha boʻlgan qizlar oʻrtasida terma jamoamiz aʼzosi Bahriniso Boboyeva avvaliga yon qoʻshnimiz Qozogʻiston, keyin esa Filippin hamda Xitoy Taypeyi vakilalarini magʻlubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Endi u oltin medal yoʻlida yaponiyalik Mixo Miyaxara qarshiligini yengishga harakat qilib koʻradi.
Bahrinisoning gʻolibona yurishini 55 kilogacha vazn toifasidagi sportchimiz Sevinch Rahimova ham munosib davom ettira oldi. U Osiyo chempionati davomida Iordaniya, Makao, Qirgʻiziston hamda malayziyalik raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Sevinch oltin medal uchun eronlik sportchi bilan kuch sinashadi. Final janglari ertaga tashkil etiladi.