Karantindan chiqishda Germaniya tajribasi qanday?
Germaniya bugun koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin cheklovlarini yumshatmoqchi.
Germaniya bugun koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin cheklovlarini yumshatmoqchi. Mamlakatda mart oyining boshlarida cheklovlar oʻrnatilgan edi. Bugun Germaniyada koronavirus bilan kasallanganlar soni kamayib, sogʻayganlar soni esa aksincha ortmoqda.
Kutubxonalar ochiladi
Katta savdo markazlari faoliyati hamon cheklangan, ammo yirikroq doʻkonlar ochilishi mumkin. Katta savdo markazlarida aholining koʻp toʻplanishi sabab ochilishga ruxsat berilmagan. Kitob doʻkonlariga esa xajmi katta yoki kichik boʻlishiga qaramay xaridorlarga xizmat koʻrsatishga ruxsat etilmoqda. Shuningdek, avtosalonlar, velosiped doʻkonlari va ularni sozlash markazlari ham ochilishi kutilmoqda. Soʻnggi haftada Germaniyada iliq havo kuzatilishi kutilmoqda. Shu sababli ham Germaniya virusologlari odamlarga ochiq havoda yurishni tavsiya etmoqda. Orada 1,5 metr masofani saqlagan holda velosipedda ochiq havoda sayr qilish eng yaxshi yechim, deydi olmon mutaxassislari. Avtosalonlarning vaqtli ochilishi esa salon xoʻjayinlarining parlamentga qilgan bosimi bilan bogʻliqligi aytilmoqda.
Imtihonlar oʻz vaqtida boʻlib oʻtadi
Maktablarning ochilishi mahalliy hokimiyatlarga bogʻlik boʻlib qolmoqda. Bitiruvchilar esa 4-maydan oʻqishga qaytadi va bitiruv imtihonlari oʻz vaqtida boʻlib oʻtadi. Universitet kutubxonalari kuchaytirilgan gigiyena choralariga rioya qilingan holda ishlay boshlaydi. Shuningdek, qatiy gigiyena qoidalariga rioya etish asosida oliy oʻquv yurtlari imtihonlari ham oʻz vaqtida maxsus tayyorlangan auditoriyalarda boʻlib oʻtishi aytilmoqda. Biroq maʼruzalar onlayn tizimda oʻtishda davom etadi.
Olmonlar sartaroshxonalarga qaytadi
4-maydan sartaroshxonalar oʻz faoliyatini boshlaydi. Ularga ham shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish talabi qoʻyilgan. Biroq jismoniy yaqin boʻlish talab etilgan uqalash markazlari, barlar va goʻzallik salonlari ochilmasligi maʼlum qilingan.
Dorixona, qurilish mollari doʻkoni, kimyoviy tozalash markazlari va turli ustaxonalar ishlashda davom etadi. Mamlakatdagi qurilish ishlari ham faoliyatini toʻxtatmaydi.
Ijtimoiy masofa oʻzgarmaydi
Ijtimoiy masofa eng kamida 1,5 metrligicha qoladi va barcha jamoat joylarida bunga amal qilish talab etiladi. Faqatgina bir oila aʼzolariga bu qoida talluqli emas.
Maktab yoshiga yetmagan farzandi borlarga qulaylik bor
Maktabgacha taʼlim muassasalari hamon yopiqligicha qolmoqda. Chunki bogʻcha yoshidagi bolalar gigiyena qoidalari va masofa saqlash tartibiga amal qilmasliklari mumkin. Biroq maktab yoshiga yetmagan farzandi boʻlgan shifokor va oziq-ovqat doʻkoni sotuvchisi boʻlgan ota-onalar uchun bolalarga vaqtincha qarab turuvchi markazlar tashkil etilgan. Restoran, kafelar hamon taqiq ostida qoladi va ular qachondan ochilishi hozircha maʼlum emas. Chunki umumiy ovqatlanish joylarida kasallikni yuqtirish xavfi hamon yuqori sanalmoqda. Restoran va kafelar ovqatlarni yetkazib berish xizmatini saqlab qolgan holda iqtisodiy tanglikni chetlab oʻtmoqdalar. Kafe ichida odam toʻplamaydigan muzqaymoq sotuvchi kafelar oʻz faoliyatini davom ettiraveradi.
Konsert, festival va boshqa yirik marosimlar avgust oyi yakuniga qadar ochilmasligi mumkin. Odamlar yonma-yon oʻtirishi kuzatiladigan madaniy yigʻinlar yaʼni teatr, kino va muzeylar va tungi klublarning ham ochilishiga ruxsat etilmagan. Koronavirus davrida odamlarni yonma-yon uchratish mumkin boʻlgan barcha subyektlar taʼqiqda qolmoqda.
Olmoniyada futbol ishqibozlari ham tez orada maydonga qaytmasligi aniq. Boshqa sport tadbirlari ham shu qatorda yopiqligicha qoladi. Sport, fitnes klublari, bolalarning oʻyin maydonchalari ochilmasligi maʼlum qilingan.
Masjid, cherkov va senagogalar ochilishga erta deyilmoqda. Yaqin orada Germaniya ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer bu masala yuzasidan diniy konfessiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etishi aytilgan.
Sayohat, chet elga chiqish hamon taʼqiqda
Boshqa Yevropa mamlakatlari kabi Germaniya uchun ham bu yil sayyohlarsiz mavsum boʻladi. Germaniyada aholidan mamlakatdan tashqariga chiqmaslik soʻralmoqda. Shu jumladan mamlakat ichida sayohat qilish ham tavsiya etilmaydi.
4-mayga qadar Germaniya Federativ Respublikasi qoʻshni 5 ta davlatlar bilan chegara tekshiruvlarini kuchda qoldiradi. Faqatgina qoʻshni davlatlarda ishlovchilar va yuk tashuvchilarga chiqishga ruxsat etiladi. Biroq, Belgiya va Niderlandiya oʻrtasidagi chegaralarda erkin harakatlanish mumkin.
Mehmonxonalarchi?
Mehmonxona va pensionatlar uchun ogʻir damlar ortda qoldi. Xorijliklar va vaqtincha ish bilan Germaniyada qolishga majbur boʻlganlarga mehmonxonalarda tunashga ruxsat etiladi. Biroq ular ikki haftalik karantinga amal qilishlari lozim.
30-aprelga qadar bu qoidalarga bir qancha oʻzgarishlar kiritilishi ham mumkin. Ayan 30-aprel kuni Angela Merkel va federal yerlar bosh vaziri uchrashuvi kutilmoqda. Bu uchrashuvda karantinni yengillashtirish choralari qayta koʻrib chiqiladi.