Karantinda ijtimoiy himoya qanday taʼminlanadi?
Yoki moddiy yordam olish uchun hujjat koʻtarib idorama-idora yurish imkoni boʻlmaganda nima qilish kerak?
Yoki moddiy yordam olish uchun hujjat koʻtarib idorama-idora yurish imkoni boʻlmaganda nima qilish kerak?
Ijtimoiy himoya tizimi orqali ehtiyojmand kishilar, oilalar qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Biroq, hozirgi kundagi “oʻz-oʻzini yakkalash” sharoitida ijtimoiy yordamni yetkazishda muammolar tugʻilishi turgan gap.
Davlatimiz rahbarining 2020-yilning 3-aprelidagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni esa ana shu muammoga barham berdi.
Sir emaski, ijtimoiy yordam uchun byudjetdan ajratiladigan nafaqani olishda maʼlum hujjatlar talab qilinadi. Karantin sharoitida esa bunday hujjatlarni tayyorlab, tegishli organlarga topshirishning imkoni yoʻq.
Shuni hisobga olib karantin vaqtida ijtimoiy nafaqa, yaʼni bola parvarishi uchun va boshqa moddiy yordamlar olish muddati shu kunlarda tugagan boʻlsa, bu muddat uzaytiriladi. Bu nafaqat mart, balki iyun oyini ham qamrab oladi va moddiy yordam berilishi tanaffussiz davom ettiriladi. (Faqat shu davrda bola 2 va 14 yoshga toʻlsa, ijtimoiy yordam muddati tugagan boʻlsa, nafaqa puli oʻz-oʻzidan toʻxtatilishi mumkin).
Ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam toʻlashni uzaytirish bilan bogʻliq xarajatlar Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironlarni bepul taʼminlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining roʻyxati karantin tadbirlari amal qilishi davrida bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan toʻldirilmoqda. Bu mamlakatimizda manzilli ijtimoiy himoyaning yana bir xayrli koʻrinishi boʻldi.
Farmon bilan, shuningdek, ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarni kamaytirish, davlatning ijtimoiy yordam choralari hisoblanuvchi alohida transfertlarni oilaning jami daromadlaridan chiqarib tashlash va boshqalarni koʻrib chiqish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
Bularning barchasi yurtimizda inson omili, uning farovonligi va ijtimoiy himoyasi har qanday sharoitda eʼtiborda ekanining amaldagi ifodasidir.
Dinara Otajonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
kafedra mudiri.