Karantin ishimizga xalaqit bermaydi
Rejadagi topshiriqlarning ortigʻi bilan uddalanishiga erishilyapti.
Toshkent viloyati tadbirkorlarining ahdi shunday
Prezidentimizning 2020-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, joriy yilda Toshkent viloyatida 56 ta loyihani amaliyotga tatbiq etish hisobiga 309,2 million dollar miqdoridagi investitsiyalarni oʻzlashtirish belgilangan. Bu boradagi topshiriqlar vaqtida uddalanyapti. Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 20,6 million dollar miqdoridagi xorij mablagʻlarini oʻzlashtirish koʻzda tutilgan edi. Amalda esa bu koʻrsatkich 157 foizga uddalandi. Umuman birinchi chorak uchun belgilangan reja prognozlari 110 foizga bajarilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatning eksport topshiriqlari ham vaqtida bajarilayotganligini alohida taʼkidlash lozim. Masalan, bu yil jami 603,3 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejasi belgilangan. Shundan 386,3 million dollari sanoat, 217 million dollari esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga toʻgʻri keladi. Bu borada koʻzda tutilgan topshiriqlarni uddalash uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilyapti.
Viloyat hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Abdusalomovning taʼkidlashicha, shu yilning birinchi choragi uchun jami 113,4 million dollarga teng mahsulot eksport qilish belgilangan. Xorijiy sarmoyadorlar bilan ham investitsiya kiritish masalasida doimiy ravishda muzokaralar olib borilmoqda. Yaqinda Rossiya Federatsiyasining koʻp qavatli uy-joylarni qurishga ixtisoslashgan kompaniyalari vakillari kelib, sohadagi tajribasi, imkoniyatlari va xorij davlatlarida barpo etgan uy-joylari xususida batafsil maʼumotlari bilan taqdimot marosimini oʻtkazdi. Bir qator tuman va shahar hokimlari ishtirok etgan tadbirda tomonlar oʻzaro hamkorlikda ishlashga kelishib oldi.
Oʻzbekiston va Turkiya ishbilarmonlar (“UTID”) uyushmasi bilan ham yaqin hamkorlik oʻrnatilgan. Bekobod, Yangiyoʻl va Nurafshon shaharlari hamda Quyi Chirchiq tumani hokimlari xuddi shunday amaliy tadbirlardan birida oʻz hududlarining iqtisodiy salohiyatlarini namoyish qilgan edi. Jumladan, Bekobod shahar hokimi Zafar Fayzullayev shaharda sement, armatura va temir hamda sanoat uchun baʼzi zarur mahsulotlar mavjudligi, biznes muhitini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Qolaversa, qoʻshni Tojikiston Respublikasidan ham buning uchun hamkorlar topish mumkinligini taʼkidladi. Shu bilan birga, uy-joy quradigan kompaniyalarga ham ehtiyoj borligi xususida oʻz fikrlarini bildirdi.
Nurafshon shahrida logistika masalalarida hamkor kompaniyalar izlanyapti. Xususan, 27 kilometr masofadan iborat Toshkent – Nurafshon yoʻnalishida ochiq usulda metro qurilishiga ehtiyoj borligi, shuningdek, uchta koʻprik, teatr va bir necha oliy oʻquv yurtlarining binolarini qurish koʻzda tutilayotgani sababli qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik qilish belgilangan.
– Ayniqsa, logistikaga boʻlgan talab kuchli, – dedi Nurafshon shahar hokimi Qahramon Hakimov. – Mazkur tarmoqlarni rivojlantirish orqali kelgusida hududimiz iqtisodiy faolligi yana-da oshadi va aholi bandligini taʼminlashga erishamiz.
Quyi Chirchiq tumanida yer maydonlariga yer osti sizot suvlari yaqinligi, hududi biroz pastda joylashgani bois, dehqonchilik qilish birmuncha murakkab hisoblanadi. Bu yerda paxtachilik bilan birga, sholichilik, chorvachilik va baliqchilik sohalarini rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar mavjud. Xususan, paxtachilikda ham yuqori natijalarga erishish mumkinligini “TCT Agrocluster” agrosanoat klasteri isbotladi. Demak, hammasi oqilona ish yuritishga bogʻliq.
Tumanda fermer xoʻjaliklari davrida ishchilar soni 898 nafar, oʻrtacha ish haqi esa 550 ming soʻm boʻlgan. “TCT Agrocluster” tashkil etilgach, 5 ming 536 ta ish oʻrni yaratildi. Oʻrtacha ish haqi esa 2,1 million soʻmga yetkazildi. Davlatimiz gʻaznasiga fermer xoʻjaliklari davrida 7,9 milliard soʻm tushgan boʻlsa, oʻtgan yili undan 6 barobar koʻp mablagʻ oʻtkazildi. Bugungi kunda “Tashkent Cotton Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish ishlari ham boshlangan. Uch bosqichli mazkur loyiha doirasida klasterda yetishtirilgan paxta xomashyosi shu yerning oʻzida toʻliq qayta ishlanadi. Loyiha birinchi bosqichining qiymati 47,3 million yevroga teng. Uni kelgusi yilda foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Umuman olganda, karantin davrida eksport hajmi kamayishining oldini olish uchun barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilyapti. Viloyat hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov rahbarligidagi ishchi guruhi onlayn rejimida viloyatdagi eksport qiluvchi korxonalar muammosini bartaraf etish borasida vazirlik va boshqarmalar, Respublika eksportga koʻmaklashish shtabi hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan uzluksiz ravishda ish olib bormoqda.