Kapital bozori infratuzilmasi rivojlantiriladi
Milliy kapital bozorini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yangilashga qaratilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.
Hujjatda kapital bozorida moliyaviy vositalar turini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish va bozor ishtirokchilari uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qator yangi mexanizmlar nazarda tutilmoqda.
Xususan, zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, kapital bozori infratuzilmasini takomillashtirish hamda professional ishtirokchilar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha aniq huquqiy normalar belgilanmoqda.
Loyiha bilan kapital bozori infratuzilmasi rivojlantiriladi va professional ishtirokchilarning faoliyati takomillashtiriladi, qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari kengaytiriladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasining har bir normasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari, bozor ishtirokchilari uchun yaratiladigan sharoitlar hamda investorlar manfaatlarini ta’minlash nuqtai nazaridan taklif va mulohazalar muhokama qilindi.
M.Komilova,
O‘zA