Kamolot maskanida samimiy muloqot
Yangi o‘quv yilining boshlanishi har bir o‘quvchi hayotida muhim va quvonchli voqea sanaladi. Ayniqsa, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantirish va kelajakka ishonchini mustahkamlashda ta’lim muassasalaridagi samimiy muloqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov o‘zi tahsil olgan 7-sonli maktabga tashrif buyurib, yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Tashrif davomida maktab jamoasi bilan muloqot qilinib, ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. O‘z navbatida, maktab kutubxonasiga yangi kitoblar taqdim etildi. Mazkur tashabbus o‘quvchilarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, boshqaruv raisi “Mustaqillik darslari”da ishtirok etib, o‘quvchilar bilan ochiq va samimiy muloqot qildi. Suhbat jarayonida yoshlarga puxta bilim olish, doimo izlanish, o‘z ustida ishlash va kelajak uchun aniq maqsadlar belgilab olish muhimligi haqida fikrlar bildirildi. Bu kabi muloqotlar yoshlarni o‘z qobiliyati va imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash, kelajak rejalarini aniq belgilashga undashi bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuvda yosh avlodning bilimli, faol, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib kamol topishi mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekani alohida qayd etildi. Shu ma’noda, maktabdagi har bir dars, har bir ustozning mehnati va o‘quvchining intilishi kelajakdagi katta natijalar uchun mustahkam poydevor bo‘lishi ta’kidlandi.
Samimiy muloqot yakunida yangi o‘quv yilida o‘quvchilarning ulkan maqsadlar sari intilishi, bilim va tajribalarini muntazam oshirib borishi, kelajakda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishiga ishonch bildirildi.
Zero, kamolot sari yo‘l maktab ostonasidan boshlanadi. Bugungi bilim va intilishlar ertangi yutuqlarning asosi bo‘lib, yosh avlodning kelajakdagi muvaffaqiyatida ustozlar mehnati va ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor muhim o‘rin tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA