Kamilla va Mariya g‘alaba qozondi, Polina esa...
Uimbldon turnirining asosiy to‘r bahslarida Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva 1/32 finalga yo‘l olgan bo‘lsa, Polina Kudermetova ilk bosqichda mag‘lub bo‘ldi.
Angliya poytaxti London shahrida tennis bo‘yicha mavsumning uchinchi “Katta Dubulg‘a” turniri — Uimbldon musobaqasi davom etmoqda. Tarixda ilk bor O‘zbekistonning uch nafar tennischisi musobaqaning yakkalik bahslari asosiy to‘rida ishtirok etayotgani mamlakat tennisi uchun muhim voqelik bo‘ldi.
Quvonarlisi, yurtimiz vakillaridan ikki nafari ilk bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, ikkinchi davraga yo‘l oldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova ukrainalik Angelina Kalininaga qarshi kortga chiqib, 4:6, 6:4, 7:5 hisobida zafar quchdi va navbatdagi bosqichda gretsiyalik Mariya Sakkari bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.
Shuningdek, yana bir tennischimiz Mariya Timofeyeva ilk bahsini braziliyalik Beatris Haddad Mayyaga qarshi o‘tkazdi va 6:3, 6:2 hisobida zafar quchib, keyingi davraga chiqdi. Endi Mariya belgiyalik Elize Mertensga qarshi kortga chiqadi.
Afsuski, Polina Kudermetova uchun musobaqa ilk bosqichdayoq yakunlandi. Saralash turniridagi uchta g‘alabasi orqali asosiy to‘rga chiqqan hamyurtimiz dunyoning 41-raketkasi Lyudmila Samsonovaga 3:6, 3:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA