Kambodjada O‘zbekistonning parlament diplomatiyasi bo‘yicha o‘ziga xos milliy tajribasi taqdim etildi
Kambodja Qirolligining Pnompen shahrida “Tinchlik va umumiy farovonlik yo‘lidagi hamjihatlik: xalqaro huquqni mustahkamlash va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish” mavzusida II parlament spikerlarining parlamentlararo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Xalqaro tadbirda Kambodja, Pokiston, Rossiya, Belarus, Meksika, Gana, Bruney, Myanma hamda boshqa bir qator davlatlar parlamentlari a’zolari dunyoda tinchlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

A.Eshmurodov o‘z ma’ruzasida parlament diplomatiyasida O‘zbekiston o‘ziga xos milliy tajribaga ega ekani, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik muhiti sezilarli darajada mustahkamlangani, murakkab masalalarni muzokaralar orqali hal etish amaliyotiga alohida urg‘u berilayotganini ta’kidladi.

Tadbir doirasida Kambodja qiroli Norodom Siamoni O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Rossiya, Belarus, Vetnam parlamentlari vakillari bilan parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish masalasi yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston parlamenti a’zolari Kambodja milliy brendi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ko‘rgazmasida ham ishtirok etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA