Kambag‘allikni qisqartirish — mas’uliyatli vazifa
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda hududlarda natijadorlikni yanada oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Bugun kambag‘allikni qisqartirish masalasiga faqat raqamlar yoki statistik ko‘rsatkichlar orqali baho berish yetarli emas. Har bir raqam ortida muayyan bir oila, ota-ona, farzand, uning orzu-intilishlari va kelajagi turibdi. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi har qanday islohotning eng muhim mezoni insonning hayoti yaxshilanayotgani, oilaning daromadi ortayotgani va uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganidir.
Bugungi natijalar, albatta, e’tirofga loyiq. Yil boshidan buyon ehtiyojmand aholi sonining 2,2 million nafardan 1,5 million nafargacha qisqargani, 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlar shakllanayotgani amalga oshirilayotgan ishlarning samarasini ko‘rsatadi.
Biroq shu bilan birga, ta’kidlanganidek, ayrim hududlarda mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani ham jiddiy xulosa chiqarishni talab etadi. Bir xil vakolat, resurs va imkoniyatlarga ega hududlarda natijalarning keskin farq qilishi kambag‘allikni qisqartirishda faqat mablag‘ ajratishning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Eng avvalo, manzilli yondashuv, mas’uliyat, tashabbuskorlik va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv zarur.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi kambag‘allikni qisqartirishni ijtimoiy tenglik va munosib hayot uchun imkoniyat yaratishning muhim sharti sifatida baholaydi. Ayniqsa, mehnat qilish imkoniyati cheklangan ehtiyojmand oilalarga passiv daromad manbaini yaratishga qaratilgan ijtimoiy paketlar joriy etilayotgani e’tiborga molik. Bu yondashuv insonni faqat yordam oluvchi sifatida emas, balki barqaror daromadga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan jamiyat a’zosi sifatida ko‘rishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun kelgusi yildan boshlab bog‘cha, ta’lim markazlari, transport va oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joyi xarajatlarini vaucher asosida qoplash tizimining joriy etilishi ham ijtimoiy adolat tamoyillarini amaliy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu imkoniyat oilaning ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham ma’lum muddat davom etishi nazarda tutilayotgani yordamni vaqtinchalik emas, barqaror imkoniyatga aylantirishga qaratilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, ishlayotgan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali nafaqa to‘lanishi kabi mexanizmlar oilani qo‘llab-quvvatlash, ayollarning mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va bolalar manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kambag‘allikni qisqartirishning haqiqiy natijasi — qancha mablag‘ sarflangani bilan emas, qancha oila barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgani, qancha inson doimiy ish bilan ta’minlangani va qancha farzandning ta’lim olish imkoniyati kengaygani bilan o‘lchanishi kerak. Shu ma’noda, belgilangan yangi vazifalar barcha darajadagi rahbarlardan yangicha fikrlashni, mahalla va xonadon muammolarini chuqur o‘rganishni hamda har bir ajratilgan resurs uchun aniq natija ko‘rsatishni talab etadi.
“Adolat” SDP uchun inson qadri, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar doimo ustuvor qadriyat bo‘lib qoladi. Biz kambag‘allikni qisqartirish borasidagi har bir samarali tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda, joylarda belgilangan vazifalarning amalda qanday bajarilayotganini, fuqarolarning hayotida qanday o‘zgarishlar yuz berayotganini jamoatchilik va deputatlik nazorati orqali kuzatib borishni muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi
O‘zA