Kadrlar malakasi doimiy e’tiborda
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlarini yangi moliyaviy instrumentlar bilan tanishtirish, bu boradagi xorijiy amaliyot haqida bilimini oshirish va tajriba almashish maqsadida maxsus o‘quv kursi boshlangani munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlarini yangi moliyaviy instrumentlar bilan tanishtirish, bu boradagi xorijiy amaliyot haqida bilimini oshirish va tajriba almashish maqsadida maxsus o‘quv kursi boshlangani munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh direktori J.Mustafoyev, "Doyche Bank AG"ning Nyu-Yorkdagi bo‘limi vitse-prezidenti Ben Bruno va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida moliya-bank tizimini isloh etishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish va hamkorlikni kengaytirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Bunda bank xodimlarining professionallik darajasini oshirish, mahalliy eksportchilarga nisbatan qo‘llanilayotgan moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, chet el kapitalining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda qatnashishga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish, xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining joriy yilning 12-martidagi O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori dasturilamal bo‘layotir.
Anjumanda “Doyche Bank AG” faoliyati haqida ma’lumot berildi. Erishilayotgan yutuqlar, korporativ boshqaruv va kadrlar salohiyati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
– O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan o‘n besh yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, – deydi “Doyche Bank AG”ning bosh ofisi vitse-prezidentining yordamchisi Jed Mazur. – Vakillik hisobraqami orqali xalqaro hisob-kitoblarni olib borish, g‘aznachilik bitimlari, savdo va loyihalarni moliyalash, mutaxassislarning malakasini oshirishni tashkillashtirish shular sirasidandir.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, bank xodimlarining kasbiy bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarida “Doyche Bank AG”ning mutaxassislari moliyaviy hisobot, moliyaviy ko‘rsatkichlarning yillik baholanishi, monetar instrumentlar, investitsion baholash, korporativ moliyalash usullari haqida ma’ruzalar qiladi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga soha mutaxassislari javob berdi.