Kadrlar bo‘limi xodimiga “hayfsan” berildi
Rozilik olmasdan mehnat shartnomasini o‘zgartirgan kadrlar bo‘limi xodimiga intizomiy jazo qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markazi xodimi A.Yu.ning murojaati o‘rganib chiqildi.
– O‘rganish davomida xodim A.Yu. 2014 yilda markazga kunduzgi doya lavozimiga ishga qabul qilingan bo‘lishiga qaramasdan, markazning joriy yil 21 fevraldagi noqonuniy buyrug‘i bilan uning roziligi olinmasdan mehnat shartnomasiga o‘zgartish kiritilib, tungi navbatchilikka majburiy tartibda qo‘yilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Yesenkeldi Utepov. – Aniqlangan holatlar bo‘yicha vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markaziga taqdimnoma kiritilib, noqonuniy buyruq bekor qilindi va xodim A.Yu. o‘z ish o‘rniga qaytarildi.
Markazda qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ygan kadrlar bo‘limi xodimiga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA