Kadastr: Sarson bo‘lgan oilalarning xotirjamligi qaytarildi
Shu kunlarda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan xatlov ishlari izchil davom etmoqda.
Xususan, Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining navbatdagi sessiyasida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan xatlov ishlari natijasiga ko‘ra, yana 921 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylari, ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etildi. Shu tariqa, Toshkent shahrida mulkiy huquqlari e’tirof etilgan fuqarolar soni 1 ming 848 nafarga yetdi.
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Mahmudjon Azimov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Bu ko‘rsatkich shunchaki hisobotdagi quruq raqamlar emas. Bu — yillar davomida hujjat sabab sarson bo‘lgan oilalarning xotirjamligi, ro‘yobga chiqqan orzulari hamda kadastr sohasi fidoyilarining tunu kun olib borgan mashaqqatli mehnati mahsuli.

Mazkur xalqchil Qonun fuqarolarga o‘z uy-joylariga bo‘lgan huquqlarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkonini yaratadi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uylarini ta’mirlash yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin bo‘ladi.

Har bir e’tirof etilgan huquq — fuqarolar xotirjamligi, oilalar farovonligi va qonuniy manfaatlar himoyasining muhim ifodasi. Bugungi kunga qadar kadastr muhandislari tomonidan Toshkent shahri mahallalarida joylashgan 92 ming 300 dan ziyod ko‘chmas mulk ob’ekti to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Kadastr muhandislari xizmat beyjigi hamda maxsus kiyimda xatlov ishlarini olib borishadi. Bu esa nafaqat xodimlarga, balki fuqarolar uchun ham qulaylik yaratadi. Zero, yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlariga kelgan kadastrchini nafaqat beyjigi, balki maxsus rasmiy kiyimlari orqali ham tanib olishi mumkin. Xatlov ishlari bepul amalga oshiriladi.
Yana bir muhim ma’lumot: 2027-yilda xatlov qilinadigan mahallalarning reja-jadvali tasdiqlandi. Qonunning 13-moddasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining takliflari Kadastr agentligi tomonidan umumlashtirildi. Ushbu jadval bilan etirof.kadastr.uz axborot tizimi orqali tanishish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan O‘RQ-937-son Qonunga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan fuqarolarga e’tirof etilish imkoniyati yaratildi. Umumiy xatlov va hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari 150 kundan 50 kungacha qisqartirildi hamda 20 kun ichida belgilangan to‘lovning 50 foizini to‘lagan shaxs qolgan 50 foizini to‘lashdan ozod etildi.

Agar yer yoki bino-inshootning faqat bir qismi taqiqlangan hududda joylashgan bo‘lsa, taqiqlangan qismni chiqarib tashlagan holda qolgan qismiga huquqni e’tirof etish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Huquq e’tirof etilgandan keyin fuqaro avtomatik xabardor qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA