Jurnalistning quroli bilimdir
Namanganda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Namangan viloyat hokimligi hamkorligida media sohasining yetuk vakillari – ekspert moderatorlar ishtirokida “media haftalik” kunlari boshlandi.
Viloyat markazida joylashgan “Ma’rifat maskani”da tashkil qilingan mazkur anjumanda respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari, viloyat, tuman va shahar gazetalari tahririyatlari muharrirlari, mahalliy hokimliklarning axborot xizmatlari rahbarlari, viloyat teleradiokompaniyasi mas’ul ijodiy va texnik xodimlari, blogerlar ishtirok etmoqda.
Qatnashchilar matbuot, internet jurnalistikasi, teleradio yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lingan holda o‘quv mashg‘uotlariga kirishdilar.
Tadbir avvalida Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov, viloyat hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Jo‘raboyev, “Mening yurtim” telekanali bosh muharriri, kontent markazi eksperti Yulduz Olimova media haftalikdan ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi.
[gallery-29486]
Qayd etilganidek, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda taraqqiyotning asosiy sharti sifatida korrupsiyaning oldini olish taqozo etiladi. Buning uchun sohalarni raqamlashtirish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish muhim o‘rin tutadi. Bu borada ommaviy axborot vositalarining roli beqiyos.
Qolaversa, dunyoda shiddat bilan kechayotgan giosiyosiy o‘zgarishlar jarayonida bugun qo‘lga qurol olish shart emas, odamlarning ijtimoiy ongiga turli axborot xurujlari orqali ta’sir ko‘rsatish hech gap emas. Ayni shu vaziyatda har bir media tuzilmasi – bosma nashr, internet, televideniya va radio milliy kontent mahsulotlarini o‘z o‘quvchilariga sifatli hamda mazmunli yetkaza olishi hozirgi kundagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Tajribali mutaxassislar va media ekspertlar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlarda sun’iy intellekt va media faktcheking, mediaxavfsizlik, kontent strategiyasi, mobilografiya va vizual storitelling, auditoriya bilan ishlash sirlari, “Smm” va zamonaviy media trendlar, real keyslar va tajriba almashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, ochiq muloqot shaklidagi suhbatlar davomida o‘zaro fikr-mulohazalar, hayotiy tajribalar almashilmoqda.
Ayniqsa, gazeta-jurnallar tahririyatlari va internet saytlari muxbirlari hamda shahar, tuman hokimliklarining matbuot kotiblari ishtirokidagi guruhda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining sharhlovchisi, moderator Ikrom Avvalboyev tomonidan olib borilgan nazariy-amaliy mashg‘ulotlar qizg‘in kechdi.
“Islohotlar jarayonini yoritishning muhim yo‘nalishlari”, “O‘zbekiston-2030” stretegiyasidan kelib chiqadigan muhim vazifalar”, “Tahririyatlarni boshqarish”, “Xalqaro tajriba: global standartlar”, “Ijtimoiy tarmoq va izohlar”, “Jurnalistlar uchun huquqiy xavf hududi” kabi interaktiv mavzulardagi ma’ruzalar tevaragida anjuman ishtirokchilari o‘zaro muloha va bahs-munozaralarga kirishdi.
– Ochig‘ini aytish kerakki, anchadan beri mana shunday kreativ treningda ishtirok etmagan edim. Media haftalik ilk kunidayoq qiziqarli mavzulari va biz uchun foydali ma’lumotlarga boyligi bilan e’tiborimizni tortdi, – deydi “Namangan sadosi” gazetasi muharririning o‘rinbosari, “Namangantoday.uz” sayti rahbari Sanjarbek Hamidov. – Ayniqsa, zamonaviy media vositalarida menejmentni joriy etish, tahririyatni qanday uslublarni qo‘llagan holda rivojlantirish borasida malakali moderatorlardan amaliy tavsiyalar oldik. Koreya, Xitoy, Turkmaniston mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro media tadbirlarida yuz bergan holatlar yuzasidan keyslar qayd etildi. O‘ylaymanki, media haftalik o‘zining kutilgan ijobiy natijalarini beradi.
Respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan media haftalik o‘qishlari Namangan viloyatida shu yilning 22-mayiga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA