Jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga ko‘tariladi
Andijon shahridagi viloyat Axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari, sohadagi islohotlar va jurnalistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari” mavzusida uchrashuv-muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, soha faxriylari hamda yosh jurnalistlar ishtirok etgan uchrashuvda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov mamlakatimiz media sohasini rivojlantirish, uyushma tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar, yangi loyihalar haqida gapirdi. Xususan, uyushma qoshida jurnalistlarga huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazi tashkil etilishi, markaz xizmatidan jurnalistlar bepul foydalanishlari mumkinligini aytib o‘tdi. Shuningdek, muloqotda viloyat media makonidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-29838]
Samimiy, ochiq-oshkora o‘tgan muloqot davomida ishtirokchilar bugungi kunda viloyat matbuoti oldida turgan muammolar, dolzarb masalalar, uyushmaning kelgusi faoliyati, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijodkorlar hamda hududiy nashrlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, faxriy jurnalistlarga e’tibor ko‘rsatish, “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Bugun viloyatdagi matbuot nashrlari iqtisodiy qiyin davrni boshidan o‘tkazmoqda, – deydi “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukrullo Hayitoxunov. – Ana shunday bir davrda tahririyatlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, zamonaviy axborot-texnologiya vositalarida ishlashni puxta o‘rgangan yosh kadrlarni jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi. Chunki, zamon, davr ruhi va talabidan kelib chiqib, nashrlarning elektron variantlarini yaratish va axborot tarmoqlariga joylash orqali nashrlarning butunlay yangicha ko‘rinishini yaratish lozim.
Muloqot yakunida sohani yanada rivojlantirish, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy mahoratni oshirish hamda zamonaviy media talablariga mos faoliyat yuritish borasida amalga oshirilishi muhim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.