Jurnalistlar uchun media-tur
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlariga matbuot safari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlariga matbuot safari tashkil etildi.Matbuot safari Prezidentimiz Islom Karimovning qaroriga muvofiq o‘tgan yilning mart oyida tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inxa universitetidan boshlandi. Ushbu oliy o‘quv yurti rektori Sherzod Shermatov jurnalistlarni muassasa bilan tanishtirdi.
– Zamonaviy sharoitlarda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish yuqori texnologiyalar taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq, – deydi Sh.Shermatov. – Bugun dunyoda axborot texnologiyalari davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalariga joriy etilmoqda. Natijada bilimdon va yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotir. Universitetimizda ham boshqa oliy o‘quv yurtlari qatori shunday yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Toshkent shahridagi Inxa universiteti talabalari ayni paytda ikki yo‘nalish – komputer va dasturiy injiniring yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Istiqbolda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari menejmenti va logistika fakultetlarini ochish rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislik bo‘yicha asosiy fanlarni o‘qitish jarayoniga Janubiy Koreyadan professorlar jalb etilgan. Universitetda barcha darslar ingliz tilida o‘tiladi. Bu Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ta’minlanayotganidan dalolatdir. Qarorda alohida maxsus fanlarni chet tillarda o‘qitish nazarda tutilgan.
Bu yerda talabalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Chunonchi, komputer zallari, fizika fani laboratoriyasi, zamonaviy texnika jihozlari bilan ta’minlangan axbort-resurs markazi va shinam auditoriyalar, sport maydonlari va dam olish xonalari talabalar ixtiyorida. Bo‘lajak muhandis va dasturchilar maxsus lingafon xonalarida chet tillar bo‘yicha bilimini oshirmoqda. Universitetda zamonaviy interaktiv doskalar va katta sensorli monitorlar o‘rnatilgan. Mazkur qurilmalar simsiz internet – Wi-Fi ga ulangan. Bu talabalarga o‘z chizmalari haqida tarmoqqa ulangan gadjetlar yordamida boshqalar bilan fikr almashish imkonini beradi.
Barcha talabalar fanlarni o‘rganish barobarida o‘z loyihalari ustida ham ish olib bormoqda. Jumladan, ular veb-saytlar yaratib, dasturlar tayyorlamoqda, kundalik hayotimizda foydalaniladigan dasturiy mahsulotlarni takomillashtirishning yangi yo‘llarini izlamoqda.
– Men kalkulyatorga o‘xshash qurilma yaratdim, – deydi talaba Shahzod Vohidjonov. – Uning imkoniyatlari oddiy kalkulyatordan ancha keng. Foydalanuvchi qurilmani o‘zi uchun moslashtirib olishi mumkin. Masalan, kursdoshlarim bilan o‘z ballarimizni hisoblashda undan foydalanmoqdamiz.
***
Matbuot safarining ikkinchi qismi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazildi. Mazkur universitet 2002-yilda davlatimiz rahbarining farmoni bilan Toshkent elektrotexnika aloqa instituti negizida tashkil etilgan. Universitetning o‘quv bazasi telekommunikatsiya texnologiyalari va axborot tizimlari sohasida bakalavr, magistr va fan doktorlari tayyorlash imkonini beradi. Shuning uchun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti haqli ravishda Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyalar sohasidagi yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Bugungi kunda Samarqand, Farg‘ona, Nukus, Qarshi va Urganch shaharlarida universitet filiallari faoliyat yuritmoqda.
Universitet hududida o‘tkazilgan ekskursiyada oliy o‘quv yurti rektori Hakim Muhitdinov tuzilma va o‘quv dasturlaridagi yangiliklar, xalqaro hamkorlik va mutaxassislar tayyorlash borasidagi o‘zgarishlar xususida atroflicha so‘zlab berdi.
– Boy tarixga ega universitetimiz bugungi kunda yetakchi ta’lim muassasalaridan biridir, – deydi H.Muhitdinov. – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislariga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda, xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlari ishlab chiqilib, joriy etilmoqda.
Prezidentimizning 2013-yil 26-martdagi axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Ushbu qarorga muvofiq, bakalavrlarni o‘qitishning 15 yo‘nalishi modernizatsiya qilinib, 8 yangi yo‘nalishga aylantirildi. Komputer injiniringi, dasturiy injiniring, telekommunikatsiya texnologiyalari, televizion texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi, iqtisodiyot va menejment, axborotlashtirish va kutubxonachilik, pochta aloqasi texnologiyalari yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Shuningdek, magistratura bosqichida “Elektron hukumat tizimini boshqarish” va “Elektron kutubxona va arxivlar” kabi yangi mutaxassisliklar tashkil etildi. Shu tariqa universitetda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
O‘quv jarayonining modernizatsiya qilinishi samarasida o‘qitiladigan fanlar soni 115 taga yetdi. O‘qitish jarayoniga ingliz tilini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda ellikdan ziyod fan ingliz tilida o‘qitilayotir.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti xorijiy mamlakatlar universitetlari bilan xalqaro munosabatlarni kengaytirmoqda. Jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Malayziya, Italiya, Finlyandiya, Rossiya kabi mamlakatlarning 22 universiteti va 3 ilmiy-tadqiqot markazi, tashkilot va kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘qituvchi va professorlar malakasini oshirish, o‘quv jarayoniga yondashuvni modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotir. O‘tgan yili universitet va uning filiallarida mehnat qilayotgan 60 dan ziyod pedagog Janubiy Koreya, Hindiston, Fransiya va Germaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda markazlarida malaka oshirdi.
Universitetda zamonaviy multimedia va komputer xonalari, 12 o‘quv laboratoriyasi talabalar ixtiyoriga berib qo‘yilgan. Ular mamlakatimiz va xorijning yetakchi kompaniyalari ko‘magida zamonaviy texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan. Joriy yilning 14-aprel kuni universitet va uning filiallarida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining o‘quv majmualari va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari ochildi. Bundan tashqari, zamonaviy robot texnikasi laboratoriya markazi ham faoliyat yuritmoqda. Bu ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish jarayonining mustahkam va samarali integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda.
***
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan o‘quv muassasalariga uyushtirilgan safar jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Matbuot safari mamlakatimizning iqtidorli yoshlari o‘z ijodiy va ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.