Jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugining Matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi.
Unda okrug saylov komissiyasi raisi U.Jalmenov va okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi rahbari Q.Bayniyazov joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari, uchastka saylov komissiyalarining vazifalari va amalga oshiriladigan tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 656 ta saylov uchastkasiga rais va ularga 8 ming 386 nafar a’zosi tasdiqlandi. Komissiya a’zolarining 4 ming 458 nafari (53,16 foizi) avval ham saylov jarayonlarida ishtirok qilgan tajribali xodimlardir. 3 ming 928 nafari (46,84 foizi) esa, ilk bor bu kabi jarayonlarda ishtirok qilmoqda.
Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining 5 ming 893 nafari (70,27 foizi) oliy ma’lumotli, 2 ming 192 nafari (26,14 foizi) o‘rta ma’lumotga ega mutaxassislardir. Saylov uchastkasi a’zolari asosan huquqshunos, shifokor, pedagog, iqtisodchi, muhandis, jurnalist va shu kabi boshqa sohalar vakillari orasidan saylangan. Joriy siyosiy jarayonlarda 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1 ming 453 nafar (17,33 foiz) yosh uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga tasdiqlandi. Komissiya a’zolarining 3 ming 750 nafari (44,72 foizi) ayollardan iborat.
Brifingda jurnalistlarning savollariga batafsil javob berildi va saylovga tayyorgarlik jarayonlarini faol yoritish tavsiya qilindi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA