Jurnalistlar terimchilar huzurida
Sirdaryo viloyati paxta dalalaridagi paxta yig‘im-terimi jarayoni, terimchi va hasharchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari Sayxunobod tumanidagi "Qahramon Zilola" fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lishdi. Paxta terayotgan terimchilar hamda fermer xo‘jaligi ishchi xizmatchilari bilan o‘tkazilgan suhbatda hasharchilar uchun yaratilgan sharoit hamda majburiy mehnatni oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

–Men asli Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridanman, – deydi ko‘ngilli hasharchi bo‘lib kelgan Iroda Yoqubova. – Paxta terishni bolaligimdan yaxshi ko‘raman. Bu yilgi paxta terimiga turmush o‘rtog‘im Faxriddin Yoqubov bilan birga kelganman. Hasharchilar uchun barcha sharoit yaratib berilgan Kuniga o‘zim 120, turmush o‘rtog‘im esa 130 kilogramm, jami 250 kilogramm atrofida paxta teryapmiz. Tergan paxta pulimizni kunligini kunlik, shu joyning o‘zida olyapmiz. Rejalarimiz bor. Paxta terib, jamg‘argan pulimiz hisobiga farzandlarimiz uchun to‘y qilamiz.

Boyovut tumanidagi “Hasharchilar shaharchasi”dagi tibbiyot xonasi, madaniy hordiq chiqarishga mo‘ljallangan joy, ayollar va erkaklar yotoqxonasi, oilaviy tashrif buyurgan terimchilar uchun ajratilgan xona, yotoqxona, kir yuvish mashinalari bilan jihozlangan kiyim-bosh yuvish xonalari press-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tumandagi “Sanjarbek Jo‘rayev” nomidagi fermer xo‘jaligi dalalarida paxta yig‘im-terimida qatnashayotgan ko‘ngilli hasharchilar bilan dildan suhbatlashildi.

– Bu yilgi paxta yig‘im-terim ishlariga Farg‘ona viloyatidan hamda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidan ko‘ngilli hasharchilar kelgan, –deydi fermer xo‘jaligi rahbari, tajribali dehqon Nomozboy Jo‘rayev. –Daladagi paxtalarimiz qiyg‘os ochilgan. Buning ustiga urug‘lik paxta. Dala maydonining 23 gektariga chigitning “Sulton” navini ekanmiz. Hosildorlik ham yomon emas. Birinchi terimda 38 sentnerni chamalab turibmiz. Terimchilar uchun har bir kilo paxta uchun 1430 so‘mdan pul mablag‘i vaqtida berilmoqda. Bundan tashqari, "Boyovut texnoklaster" tomonidan terimchilar rag‘batlantirilayotir.

Press-tur ishtirokchilariga tadbir tashabbuskorlari tomonidan shu yerning o‘zida davra suhbati ham tashkil etildi, OVA vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Sh.Suyarov,
F.Toshmatov (curat), O‘zA