Jurnalistlar maydonda
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida Jizzax shahar hokimi kubogi uchun mini-futbol bo‘yicha ochiq musobaqa o‘tkazildi.
Maydonga havaskor futbolchilar tushgan bo‘lsa-da, bahslarda havaskorlikka xos bo‘shlik sezilmadi. Aksincha, har bir uchrashuvda g‘alabaga intilish, jamoaviy harakat va sportga xos murosasizlik namoyon bo‘ldi. Tomoshabinlar esa maydondagi qizg‘in lahzalar, chiroyli uzatmalar va keskin hujumlarni qiziqish bilan kuzatdilar.
Turnirda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlaridan tashkil topgan jamoalar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Jizzax viloyat teleradio kanali hamda “Jizzax haqiqati” — “Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyati jamoalari maydonga tushdi. Qizg‘in kechgan uchrashuvda gazetachi jurnalistlarning qo‘li baland kelib, ular bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Birinchi o‘rin uchun kechgan finalda Jizzax shahar telekanali hamda Sirdaryo viloyat teleradio kanali xodimlaridan tashkil topgan jamoalar to‘qnashdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. G‘olibni aniqlash uchun belgilangan penaltilar seriyasida sirdaryolik jurnalistlar aniqroq harakat qilib, g‘alabani ilib ketdi. Shu tariqa Jizzax shahar hokimi kubogi Sirdaryo viloyat teleradio kanali jamoasiga nasib etdi.
[gallery-31404]
Aslida, sportning qadri faqat natija yoki sovrin bilan o‘lchanmaydi. U insonni intizomga, sherigini his qilishga, bir maqsad sari yelkadosh bo‘lib harakat qilishga o‘rgatadi. Ayniqsa, jurnalistlar uchun bu fazilatlar kasbiy hayotda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, axborot maydonidagi yaxshi natija ham ko‘pincha jamoaviy mehnat, o‘zaro ishonch va hamjihatlik samarasidir.
Tadbirda Jizzax shahar hokimi Komiljon Xolmurodov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif g‘olib va sovrindorlarni qutladi.
G‘olib va sovrindorlarga Jizzax shahar hokimi hamda Jizzax viloyat sport boshqarmasining kubogi, medallar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari