Jurnalistlar bilan ochiq muloqot (+video)
Matbuot axborot tarqatuvchigina emas, balki jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barometri hamdir. Manbaning ishonchliligi, ma’lumotning aniqligi, jurnalistning xolisligi uyg‘unlikda kelgandagina haqqoniy axborotga aylana oladi. Bunda esa birlamchi manba bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatning qay darajada ekani muhim.
Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati viloyatdagi barcha ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarni matbuot anjumaniga yig‘di. Unda dastlab viloyat hokimining 1-o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev 2024 yil yakunlari va 2025 yilning asosiy rejalari haqida axborot berdi.
Darhaqiqat, o‘tgan yili iqtisodiy - ijtimoiy sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilgan.
– Yalpi hududiy mahsulot 91,3 trln.so‘mga yetib, o‘sish 106,7 foizni tashkil etgan. 2025 yilda esa u 108,3 trln.so‘mga oshadi, – dedi Mirzohid Ubaydullayev va bu raqamlar ortidagi loyihalar, dasturlar, rejalar haqida jurnalistlar bilan erkin va samimiy muloqot qildi.
Savol- javoblar viloyat iqtisodiyoti, investitsiya, eksport, qurilish, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy soha ko‘rsatkichlari haqida bordi. Bundan tashqari, axborot ochiqligi darajasi, rahbarlar etikasi, ommaviy axborot vositalari bilan doimiy muloqotlar uyushtirish kabi mavzular ham tilga olindi.
– Bu kabi matbuot anjumani besh yildan buyon o‘tkazilmayotgan edi, viloyat hokimligi va uning axborot xizmatidan davomiylik bo‘lishini so‘raymiz, – deyishdi anjuman ishtirokchilari.
[gallery-22488]
–Matbuot anjumanida davlatimiz rahbari tomonidan kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha yangi ma’lumotlarni oldik, – dedi “Yangi Farg‘ona”–“Novaya Fergana” gazetalari bosh muharriri Shohidbek Aslonov. –Ayniqsa, viloyat idora va tashkilotlari rahbarlarining kambag‘al oilalarga biriktirilgani, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha belgilangan choralar biz uchun yangi ma’lumotlar berdi. Bugungi matbuot anjumanida ko‘tarilgan masalalar, aytilgan ma’lumotlar asosida yozish uchun mavzularni belgilab oldim. Ularning har biri gazetaning kelgusi sonlarida alohida tahliliy maqolaga aylanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TtD5385qqJQ" title="Jurnalistlar bilan ochiq muloqot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari