Jurnalist va blogerlar Oltiariqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyat hokimi hamda O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori tomonidan tasdiqlangan media-tadbirlar rejasiga asosan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Oltiariq tumaniga press-tur uyushtirildi.
Oltiariq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, qishloq va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash hamda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishish maqsadidagi press-tur davomida “Qapchug‘ay mevalari” agrofirmasi hamda Oltiariq innovatsion hududiga qarashli “Texno maydon”da yo‘lga qo‘yilgan yangi innovatsion loyihalar bilan tanishildi.
[gallery-9279]
Oltiariqda yetishtirilayotgan sarxil uzumlarni Jahon bozorida xaridorgirligini ta’minlash, mahsulotni saqlash va uning logistikasini yanada takomillashtirish bo‘yicha tuman tadbirkorlari doimiy izlanish olib bormoqda. Italiya texnologiyasi asosida ixcham va jozibador ko‘rinishda qadoqlangan Oltiariq uzumlari allaqachon Rossiya davlatining bir nechta yirik shaharlarida doimiy mijozlariga ega bo‘lib ulgurdi.
An’anaviy usulda, yog‘och va plastik yashiklarda tashilgan mahsulotlar Rossiya savdo bazalarida qayta qadoqlanib, yirik savdo marketlari peshtaxtasiga chiqarilar edi. Endilikda mahsulotlarimizni Yevropa andozalari ko‘rinishiga keltirish uchun qilinadigan mablag‘ sarfi o‘zimizda qoladigan bo‘ldi. Ushbu istiqbolli loyiha kelgusida ommalashishi, dehqonlar yetishtirayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha ishlov berish bilan bog‘liq yumushlarni bajarish uchun yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi, pirovardida aholining moddiy manfaatdorligi ortishi mumkinligi o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Ta’kidlash joiz, Respublikada innovatsion rivojlanishda yetakchi, deb tanlangan 28 ta tuman tuman-shaharlar sirasiga Oltiariq ham kiritilgan. Tumanda tashkil etilgan innovatsion hududga qarashli “Texno maydon”da bo‘lgan kishi bu tanlov bejiz bo‘lmaganligiga guvoh bo‘ladi. Izlanuvchan tadbirkor, oltiariqlik Rahmatjon Erkaboyevning turli sohalardagi ixtirolari bu borada yaxshi samara bermoqda. “Texno maydon”da jamlangan innovatsion ko‘rgazmadan joy olgan qurilish ashyolari, aksessuarlar, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalari, shamol va suv generatorlari oltiariqlik ishbilarmonlarning ixtirolari bilan mahalliylashtirilmoqda.
Press-turda namoyish etilgan “aqlli svetofor” ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilarning e’tiborini tortdi. Mobil hamda quyosh pannelidan ta’minlanuvchi svetoforlar allaqachon Farg‘ona va qo‘shni viloyatlar hududlarida yo‘llarda harakatni tartibga solish uchun xizmat qilmoqda.
– Hozirgi kunda ko‘zi ojiz insonlar harakatlanadigan joylarda “gapiruvchi svetoforlar” o‘rnatish bo‘yicha loyihamiz yakunlanmoqda, - deydi tadbirkor Rahmatjon Erkaboyev. – Tez kunda bu svetoforlarni ham piyodalar o‘tish yo‘lakchalarida uchratishingiz mumkin.
“Texno maydon”da oliy ta’lim va kasb-hunar maktablari talabalarining ham innovatsion ishlanmalarini amaliyotga tadbiq etish uchun sharoit yaratilgan. Bu yerda “usta-shogird” an’anasi asosida yoshlar o‘z bilim va yangi g‘oyalarini mustahkamlaydi.
Press-tur davomida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya va yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, Respublika Dasturiga kiritilgan loyihalar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Kun davomida shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida tuman hokimi va sektorlar rahbarlarining matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda asosan tumanda “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi turmush tarzini rivojlantirish yuzasidan bajarilgan va rejadagi vazifalar xususida fikr yuritildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA