Jurnalist bilan ijodiy uchrashuv
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan uyushma a’zosi, tajribali jurnalist, iqtidorli publitsist Razzoq Meliboyevning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Razzoq Meliboyev ijodiy faoliyatini 1971 yildan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi “Kommunist” (hozirgi “Bulung‘ur hayoti”) gazetasida boshladi. Gazetada muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida faoliyat olib borish bilan bir vaqtda 1971-1977 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetini (avvalgi Toshkent davlat universiteti) tamomladi.
1987 yilda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zo bo‘lgan.
Keyinchalik ko‘p yillar davomida Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi (avvalgi Jizzax viloyati matbuot boshqarmasi) boshlig‘i, viloyat prokuraturasi muassisligidagi “Adolat yolqini” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
[gallery-8426]
Ayni paytda, Razzoq Meliboyev “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Jizzax filiali yuristkonsulti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbir davomida R.Meliboyev jurnalistikaning o‘tmishi va buguni xususida to‘xtalib, yig‘ilganlarga, ayniqsa, yoshlarga o‘zining ijodiy faoliyatidagi hayotiy voqealardan hikoya qilib berdi.
Tadbir nihoyasida bir guruh jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasining a’zolik guvohnomasi topshirildi.
Erkin Shermonov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Jizzax viloyat bo‘limi rahbari,
viloyat teleradio kompaniyasi raisi.
O‘zA