Jumaniyoz JABBOROV: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborovning “Tanlangan asarlar” kitobi nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoirning o‘z davrida xalqimizning sevimli qo‘shiqlariga aylangan she’rlari, ko‘ngilga oshno g‘azallari, “Mening oppoq kabutarlarim” va “Uyqusiz kecha” dramalari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari, milliy adabiyotimizning yorqin namoyondalari – ustoz, do‘st, shogirdlari haqidagi samimiy bitik – xotiralari joy olgan.
Kitob orqali chin ma’noda adib ichki olamiga safar qilasiz va shoir ijodida bot-bot ko‘zga tashlanib turadigan badiiy tilning o‘ziga xosligi, tasviriy vositalarning boy, samimiyligi, haqqoniyligi qalbingizga ko‘chgandek bo‘ladi, ko‘nglingiz yorishadi.
Tasviring chizmoqqa, Yurtim, eng asil rang istadim,
Ta’rifing aytmoqqa dildan sirli ohang istadim.
Istadim daryoyi Sayhun birla Jayhundan jilo,
Ham baland tog‘dan poyingga taxti avrang istadim.
Safha-safha axtarib oltin kitoblardan javob,
Ma’nilar asroridan eng toza farhang istadim.
Mulki Gangu yo Farangni birma-bir kezganda ham,
To‘tiyo qilmoqqa har tomchiyu zarrang istadim.
Sha’ningga bir tosh otishni dilga tugsa bir yovuz,
Badniyatlar holu ahvolin mudom tang istadim.
Necha yuz ming qiz-yigitlar ko‘rkida mavjud o‘zing,
Necha yuz gulshan aro ozoda chehrang istadim.
Bir tomon Chotqolu Chortoq, bir tomon Urgut, Kitob,
Zominu Baxmal kezib, har faslu lahzang istadim.
Buncha izzat, buncha lazzatkim ko‘ngilni rom etar,
Tasviring chizmoqqa, Yurtim, eng asil rang istadim.
Ustoz shoirning sara asarlaridan jamlangan “TANLANGAN ASARLAR”i adabiyot va she’riyat muhiblari uchun o‘ziga xos guldastadir.
O‘zA