JSST: 2023 yil vabodan o‘lim 71 foiz ko‘paydi
2023 yilda vabo bilan kasallanganlar soni 2022 yilga nisbatan 13 foiz, ushbu xastalik tufayli o‘lim holati esa 71 foiz o‘sgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus Jenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, garchi oldini olish mumkin, davolanish oson bo‘lsa-da, o‘tgan yil vabo 4000 kishini hayotdan olib ketdi. Mojarolar, iqlim o‘zgarishi, xavfli suv va sanitariya sharoiti, qashshoqlik va majburiy ko‘chirilish epidemiyalar urchishiga sabab bo‘lmoqda. Binobarin, mintaqalarda vaziyat turlicha: Yaqin Sharq va Osiyoda salbiy holat pasayishi kuzatildi, Afrikada esa kasallanish ikki barobar ko‘paydi.
JSST rahbari so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan buyon 342 mingdan ortiq holatda 2400 kishi vafot etgan. 22 mamlakatda faol epidemiya davom etgan. Gebreyesus vaboga qarshi vaksina taqchilligiga ham e’tibor qaratib, preparat ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirdi.
O‘tgan yil vaboga qarshi taxminan 36 million doza in’eksiya ishlab chiqarilgan. Bu kerakli miqdorning atigi 50 foizini tashkil etadi.