“Jo‘yzar” kanali ta’mirlanmoqda
Buxoro viloyatida boshlangan “Jo‘yzar” kanalini betonlashtirish loyihasi nafaqat suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirish, balki minglab gektar yerlarning taqdiri va kelajak hosilini ta’minlash nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega.

Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi suv xo‘jaligi ob’ektlari faoliyati atroflicha o‘rganildi. Tashrif chog‘ida mamlakatimizdagi eng qadimiy sug‘orish tarmoqlaridan biri bo‘lgan “Jo‘yzar” kanali holati ham ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga suv yo‘qotishlarini qisqartirish, sug‘orish tizimi samaradorligini oshirish va kanalni betonlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Bugungi kunda ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida kanalning 22,5 kilometrlik qismida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha to‘liq yakunlangach, har yili qariyb 12 million kub metr suv tejab qolinadi. Bu raqam oddiy statistika emas. U minglab gektar yerlarni qo‘shimcha suv bilan ta’minlash, yuzlab fermer xo‘jaliklarining barqaror faoliyati va kelgusi hosil kafolatidir.

Tahlillarga ko‘ra, ochiq va tuproq o‘zanli kanallarda suvning katta qismi yerga shimilib yoki bug‘lanib ketadi. Ayrim holatlarda yo‘qotishlar 30 foizgacha yetishi mumkin. Betonlashtirish esa ana shu yo‘qotishlarni keskin kamaytirib, suvni manzilga aniq va tez yetkazish imkonini beradi. Natijada bir vaqtning o‘zida ham suv tejaladi, ham energiya sarfi qisqaradi, ham qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligi ta’minlanadi.
1938-yilda qurilgan “Jo‘yzar” kanali qariyb bir asr davomida Buxoro tumani va unga tutash hududlardagi aholiga xizmat qilib kelmoqda. Bugun u 13 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi maydonlarini suv bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Biroq vaqt o‘tishi bilan infratuzilmaning eskirishi suv yo‘qotishlarining ortishiga sabab bo‘lgan edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur rekonstruksiya ishlari kanal tarixidagi yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Eng muhimi, loyiha dehqon va fermerlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Suv ta’minotining yaxshilanishi qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, hosildorlikni oshiradi va mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga zamin yaratadi.

“Jo‘yzar” kanalini betonlashtirish loyihasiga oddiy qurilish ob’ekti sifatida qarash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Bu suvni asrash madaniyati, zamonaviy yondashuv va kelajak avlodlar manfaati uchun amalga oshirilayotgan strategik investitsiyadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri