Jo‘qorg‘i Kengesning sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, sektorlar, tegishli soha rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, huquqni muhofaza qilish organlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov boshqarib bordi.
Kun tartibidagi “Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining 2020 yilda amalga oshirilgan ishlari hamda 2021 yilga belgilangan rejalar haqida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonining axboroti to‘g‘risida”gi masala bo‘yicha harbiy okrug qo‘mondoni F.Shermatov ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, Qurolli Kuchlarimizning mudofaa salohiyatini yanada kuchaytirish, harbiy sohada olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joiz, Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning birligini ta’minlash maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bu borada belgilab berilgan vazifalar asosida harbiy-ma’muriy sektori faoliyatini rivojlantirish ishlari har yili bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020 yilga belgilangan “Yo‘l xaritasi” asosida o‘tgan yili 20 ta ob’ektda mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek Mudofaa vazirligi mablag‘i hisobidan 2 ta ob’ektda kapital ta’mirlash ishlari, shu bilan bir qatorda, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlari uchun jami 90 kvartirali 5 qavatli 3 ta turar joy foydalanishga topshirildi.
2021 yil davomida Harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini rivojlantirish maqsadida 3 ta bo‘lim 53 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, Jo‘qorg‘i Kenges qarori asosida tasdiqlandi. Unda joriy yilda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining bir qator ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari harbiy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish, Qurolli Kuchlarda yaratilgan zamonaviy infratuzilmadan foydalangan holda uyushmagan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan birga, mehnat bozorida talab qilinadigan kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha ishlarni tashkil etish singari qator ahamiyatli vazifalar belgilab berildi.
bugungi kunda ushbu topshiriqlar ijrosini o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan soha rahbarlari bilan birgalikda ishlar tashkil qilinmoqda.

Bundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti to‘g‘risida”gi masala yuzasidan bosh boshqarma boshlig‘i B.Allaniyazovning ma’ruzasi tinglandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan sessiyada tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi B.Alixanov ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA