Jondorda sumalak sayli tashkil etildi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari Jondor tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari ishtirokida “Murg‘ak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi deputat Bekzod Jumayev xonadonida Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Sumalak sayli tashkil etildi.
– Sumalak pishirish shunchaki yig‘ilib bir taom pishirish emas, balki yoshu qarini bir joyda jamlash, mehr-oqibat, insonparvarlik, mehr ulashish demakdir, – deydi partiyaning viloyat Kengashi raisi Maxsud Muhammedov. – Bu ezgu qadriyatlarimiz bardavomligini ta’minlash, shuningdek, turli qo‘shiqlarni aytish, xalq o‘yinlarini o‘ynash orqali milliy o‘zligimiz, boy tarixiy merosimiz, qadr topgan qadriyatlarimizni yoshlar orasida keng targ‘ib etish ham hisoblanadi. Asrlar osha yashab kelayotgan sumalak sayli xalqimizning qadim tarixi va ruhiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ajdodlarimiz qalbidan joy olgan beg‘ubor tuyg‘ularga uyg‘un.

Sumalak saylida ishtirok etgan partiya faol yoshlari tomonidan milliy qadriyatlarimizdan biri sanalgan arqon tortish musobaqasi tashkil etildi. “Murg‘ak” folklor jamoasi tomonidan aytilgan lapar va o‘lanlar saylga yanada o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Sayl davomida qadim tariximiz, o‘zligimizning yorqin ifodasi sanalgan sumalak atrofida yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, dasturxonlar fayzu barokatini tilab duoga qo‘l ochildi. Doshqozonda qaynagan sumalak tarqatildi.

Partiyaga xayrixohlik bildirganlarga partiya a’zolik guvohnomalari ham topshirildi.
Tadbirda Navro‘z ayyomi munosabati bilan boy ma’naviy merosimiz, tariximiz, madaniyatimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni rivojlantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh faol va tashabbuskor viloyat, tuman Kengashi deputatlariga partiyaning tashakkurnomalari taqdim etildi.

Zarif Komilov, O‘zA