Jizzaxdagi YTHda ikki futzalchi halok bo‘ldi
O‘zbekistonlik ikki futzalchi joriy yilning 15 iyul kuni yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat tartibini saqlash xizmati (JXX) yo‘l harakati xavfsizligi (YHX) boshqarmasi Axborot xizmati rahbari, mayor Erkin Ochilov bilan telefon orqali bog‘landik.
– Haqiqatdan ham ushbu yo‘l transport hodisasi (YTH) joriy yilning 15 iyul kuni ertalab soat 6:45larda Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan 4R-35 “Jizzax – Paxtakor – Gagarin” avtomobil yo‘lining 18 kilometrida sodir bo‘lgan. Avtohalokat 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi “Lasetti” rusumli transport vositasini boshqarib borayotganda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 1993 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli transport vositasining yo‘liga chiqib ketishi oqibatida sodir etilgan. “Lasetti” va “Kobalt” rusumli avtoulov haydovchilari og‘ir tan jarohati bilan voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, ushbu transport vositalarida bo‘lgan 1 nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan, 2 nafar yo‘lovchi og‘ir tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, – dedi telefon orqali bizga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga rasmiy munosabat bildirib, Jizzax viloyat IIB JXX YHX Axborot xizmati rahbari, mayor Erkin Ochilov.

Jizzax viloyati futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Kobalt” rusumli transport vositasi Jizzax viloyatining “Jizzax Nur” futzal jamoasi a’zosi 27 yoshli Jasur Abdulakimov boshqaruvida bo‘lgan. U bilan birga ushbu avtotransport vositasi salonida 2 nafar jamoadoshi: Shahzod Siddiqov hamda Davlat Ibragimovlar ham bo‘lgan. Ular shu kuni Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Jizzax Nur” hamda Sirdaryo viloyatining “Guliston” futzal jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga ketayotgan bo‘lgan.
Mazkur YTH oqibatida “Kobalt” avtomobilini boshqargan Jasur Abdulakimov hamda avtomobil salonida bo‘lgan, uning jamoadoshi Shahzod Siddiqovlar voqea joyida vafot etgan.
Ular bilan birga mashinada bo‘lgan yosh jamoadoshlari Davlat Ibragimov ushbu YTH oqibatida olgan og‘ir tan jarohati bilan RSHTYOIM viloyat filiali jonlantirish bo‘limiga olib borilgan. Xabarda, shifoxonaga olib borilgan payti, joriy yilning 15 iyuli kuni Davlat Ibragimovning ahvoli o‘ta og‘irligi aytilgan.
“Lasetti” haydovchisining shoshma-shosharligi, yo‘l qoidalariga amal qilmasligi, tezlikni me’yoridan oshirib yuborgani, oxirini o‘ylamay qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketishi va nihoyat 5 daqiqa avval boradigan joyiga 5 daqiqa keyin ham, sog‘ omon yetib borishi mumkin ekanligini anglay olmagan haydovchi, o‘zining ham, 2 nafar hech narsada aybi yo‘q insonning ham umriga zomin bo‘ldi. Ushbu YTHning beixtiyor ishtirokchisi bo‘lgan 2 yo‘lovchi esa hayot va o‘lim o‘rtasida jon talashib yotibdi.
Mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA