Jizzaxdagi YTH oqibatida bir kishi vafot etdi
Jizzax viloyatidan o‘tuvchi 4R-34 Jizzax – Xovos avtomobil yo‘lining Yangiobod tumani hududidagi 91-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Charchoq holatida avtomobilni boshqarish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari fuqarolarimizni bot-bot ogohlantiradi. Bunday holatda avtotransport vositasini boshqarish bilan nafaqat o‘zi, balki o‘zgalar hayotini ham xavf ostiga qo‘yayotganini ba’zi “uchar” va nafsining quliga aylangan haydovchilar bilmaydi, deysizmi? Bilishadi, ammo bilsa-da, begunoh go‘daklar otasi yoki onasidan ajralib, yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ladi.
Zarbdor tumanida yashovchi Ucharqul Shaytanqulovning (ismi-sharifi o‘zgartirildi) nafsiga qul bo‘lishi bir kishining umriga zomin bo‘ldi.

Ucharqul joriy yil 4 iyul kuni ertalab soat 7:30 larda “Damas” rusumli avtotransport vositasida ketayotib, qattiq charchoq oqibatida rulda uxlab qoladi. Natijada qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan, Yangiobod tumanida yashovchi haydovchi boshqaruvida bo‘lgan “VAZ-2106” rusumli avtomobilning yo‘liga chiqib ketadi va u transport vositasi bilan to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi.
To‘qnashuv tufayli “Damas” avtomobilida bo‘lgan Zarbdor tumanida yashovchi yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
“VAZ-2106” rusumli avtomobil haydovchisiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Rulda uxlab qolgan “Damas” haydovchisi esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan eng yaqin tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Zarbdor tuman IIB YHXB xodimlari tomonidan mazkur YTH yuzasidan tergovga qadar surushtiruv ishlari olib borilmoqda va Ucharqul Shaytanqulovga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Endi u davolanib chiqqach, sud oldida javob beradi.
A.Qayumov, O‘zA