Jizzaxdagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qayerda barpo etiladi?
Prezidentimiz joriy yil 9 noyabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i umumlashgan holda tashkil etilishi bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga asosan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi M-39 Toshkent-Termiz avtomagistral yo‘li yoqasidagi yer maydoni tanlandi.
Jizzax viloyati aholisining yillik o‘sish sur’atlari tahliliga ko‘ra, o‘tib borayotgan 2021 yilda Jizzax shahri aholisi 180 ming 700 kishini, (yillik o‘sish surati 1,9 foizni) va Sharof Rashidov tumani aholisi 226 ming 100 kishi (yillik o‘sish surati 2,6 foiz)ni tashkil etmoqda. O‘sish yuqoriligi bois Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumaniga chegaradosh bo‘lgan kichik sanoat zonasi, yoshlar va mebel sanoat zonalari rivojlanayotgan, transport logistikasi qulay bo‘lgan hudud tanlandi.
Tobora yaqinlashib kelayotgan 2022 yilda 14 ta har biri 80 xonadonli 16 qavatli uy-joylar yangi tizim asosida “qurilish klasteri” tomonidan amalga oshiriladi.
Hududni kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha 5,4 kilometr yo‘l, 1,5 kilometr ichimlik suvi, 2 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va 1 ta 1 ming metr kub lokal oqova tizimi, 2,5 kilometr elektr tarmog‘i, 8 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i va 7,3 kilometr aloqa tarmog‘i tortish ishlari amalga oshiriladi.
Shunigdek, aholi yashash sharoitini yaxshilash borasida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarni obodonlashtirish maqsadida viloyat bo‘yicha 23 ta qishloq va 3 ta mahalla tanlab olingan.
Ushbu dastur doirasida kelgusi 2022 yilda – 187 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi (shundan, 68 kilometr asfaltbeton va 119 kilometr tuproq yo‘lga shag‘al yotqiziladi).
Qishloq va mahallalarda jami 191,3 kilometr ichimlik suv va oqova suvi tarmoqlari hamda 47 ta inshoot qurilib, rekonstruksiya qilinadi. 7,6 kilometr irrigatsiya tarmoqlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
84,9 kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 48 ta transformator yangidan o‘rnatiladi va 2 ming 65 dona tayanch ustunlari holati yaxshilanadi.
11 kilometr gaz tarmoqlari hamda 48 ta gaz taqsimlash punkti, 33,2 kilometr aloqa tarmog‘i ta’mirlanadi.
Bundan tashqari, ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash doirasida 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 16 ta maktab, 15 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi.
Hududlarni obodonlashtirish doirasida jami 27,6 kilometr piyodalar yo‘lakchasi quriladi va ta’mirlanadi, 912 ta tungi yoritish tizimi yaxshilanadi.
Uy-joy fondini rivojlantirish bo‘yicha jami 4 ming 23 ta yakka tartibdagi va 13 ta ko‘p kvartirali uy-joy ta’mirlanib, yangi tartib bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratish ishlari davom ettiriladi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 2022 yilda jami 232,6 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur ezgu tashabbus aholini uy-joy bilan ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamdir.
A.Qayumov, O‘zA