Jizzaxda za’faron maydonlari kengaymoqda
O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada za’faron yetishtirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylanib, mamlakatda uning sanoat asosidagi plantatsiyalari izchil kengaytirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Shuningdek, 2024-yil 8-9-aprel kunlari Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Baxmal, G‘allaorol va Zomin tumanlarida za’faron plantatsiyalarini 2 ming gektargacha kengaytirish hamda hosil hajmini 20 tonnaga yetkazish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Baxmal tumanidagi “BMB Za’faron” plantatsiyalarida yangi maydonlarga za’faron ekish ishlari amalga oshirildi. Natijada mavjud 820 gektar maydonni 900 gektargacha kengaytirish uchun navbatdagi amaliy qadam tashlandi.
Tadbirda “BMB Holding” Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov, Italiyaning “HT Holding” kompaniyasi prezidenti, xorijiy hamkor va investor Roberto Tuchchi hamda boshqalar ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, za’faron yetishtirishda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish masalalari xususida fikr almashildi.
E’tiborli jihati, keyingi ikki yilda plantatsiyalardagi ekish ishlari xorijdan import qilinadigan piyozboshlar hisobiga emas, mahalliy maydonlarda yetishtirilgan za’faron piyozboshlari zaxirasi asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa ichki ekish materiali bazasini shakllantirish va plantatsiyalarni barqaror ravishda kengaytirish imkonini bermoqda.
“BMB Za’faron” loyihasi Italiyaning “FIN. Opera SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda va “O‘zsanoatqurilishbank” kredit mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 120 million yevro bo‘lib, shundan 70 million yevrosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 37 million yevrosi “BMB Holding” mablag‘lari va 13 million yevrosi bank kredit mablag‘laridan iborat.
[gallery-31774]
Loyiha doirasida 2 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi barpo etilgan. Bugungi kunga qadar unga 91 million 700 ming yevro investitsiya o‘zlashtirildi. Majmua za’faronni quritish, qayta ishlash va qadoqlash uskunalari, shuningdek, zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlangan.
Ayni paytda “BMB Za’faron” brendi ostida yetishtirilayotgan o‘zbek za’faroni va uning asosida tayyorlanayotgan 20 turdan ziyod mahsulot xorijiy bozorlarga chiqarilmoqda. Xususan, mahsulotlar Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, AQSH, Tojikiston, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarga “ORO ROSSO Milano” brendi ostida eksport qilinmoqda.
2025-yilda loyiha doirasida eksport hajmi 10 million 200 ming yevroga yetgan bo‘lsa, 2026-yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 12 million yevroga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlar “USDA Organic” sertifikatiga ega bo‘lib, bu ularning AQSH Qishloq xo‘jaligi departamentining organik mahsulotlarga qo‘yiladigan talablariga muvofiqligini anglatadi. Shuningdek, mahsulotlar AQSH bozorida oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar xavfsizligini nazorat qiluvchi FDA talablariga muvofiqligi tasdiqlangan. Xitoy bozoriga eksport qilish uchun ham tegishli ruxsatnomalar olingan.
Loyiha aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2026-yilga kelib qariyb 30 ming nafar mahalliy aholi mavsumiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 500 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Mahalliy za’faron piyozboshlari zaxirasining shakllantirilgani esa plantatsiyalarni 2027-yilga qadar 2 ming gektargacha kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
“BMB Holding” kelgusida “BMB Za’faron” brendini xalqaro bozorlarda yanada keng targ‘ib qilish, mahalliy piyozboshlar va tayyor mahsulotlar eksportini oshirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, xolding tarkibidagi premium toifadagi restoran va mehmonxonalar orqali xorijiy sayyohlarga o‘zbek za’faronini kengroq tanitishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Umuman, Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan mazkur investitsiyaviy loyiha za’faron yetishtirish ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari