Jizzaxda yangi uylar foydalanishga topshirildi
Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida joylashgan harbiy shaharchalardan birida mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida 2 ta yangidan qurilgan 4 qavatli hamda 3 ta 2 qavatli uylar qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy loyihalar asosida qurilgan uylar ikki va uch xonali bo‘lib, ularda harbiylarning oilalari farovon hayot kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona va boshqa yordamchi xonalar zamonaviy jihozlangan.
Uning ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov, O‘zbekiston Qahramoni Parda Shukurov, Nuroniy jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi Norqul Nusharov, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va yangi xonadon egalarining oila a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, harbiy xizmatchilar uchun barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylarning barpo etilishi prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ularni uy-joy bilan ta’minlash va maishiy sharoitlarini yaxshilashga doir doimiy e’tibor natijasidir. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tadbirda so‘z olib, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirilib, qurilish tashkilotlari vakillariga to‘nlar kiygizildi. Mehmonlar yangi xonadonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, ularga oilaviy baxt va omad tilashdi.
Shu kuni ushbu harbiy shaharchada yangidan qurib bitkazilgan «Xotira xiyoboni»ning ham ochilish marosimi o‘tkazildi.

Endilikda ushbu maskanga tashrif buyuruvchilar Sharof Rashidov tumanidan Ikkinchi jahon urushiga ketgan vatandoshlarimiz va Vatanimiz mustaqilligini yovuz kuchlardan himoya qilishda fidoyilik ko‘rsatgan mard va dovyurak o‘g‘lonlarimizning jasoratlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Zero xalqimizning asl farzandlarining fidoyiliklari hozirgi tinch va osoyishta zamonda yashayotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlarimiz uchun el-yurtga sadoqatli bo‘lib kamolga yetish borasida ulkan namuna bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA