Jizzaxda yangi suv inshooti ishga tushdi
Aholi turmush farovonligini belgilaydigan muhim mezonlardan biri sifatli ichimlik suviga barqaror ega bo‘lishdir. Jizzax viloyatida bu boradagi infratuzilmani mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi yirik loyiha amalga oshirilib, yangi suv inshooti foydalanishga topshirildi.
Zarafshon daryosi suvidan samarali foydalanish asosida ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilashga qaratilgan loyiha doirasida 703 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi. Dastur asosida 180 kilometr magistral ichimlik suvi tarmoqlari hamda to‘rtta suv inshooti barpo etildi.

Prezidentimiz tashabbusi asosida amalga oshirilgan mazkur ishlar natijasida viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 76,2 foizga yetdi.
Loyihaning yana bir muhim ob’ekti Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi Hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlagan Uchtepa suv uzatish inshootidir. Zamonaviy infratuzilmaning ishga tushirilishi aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Yangi inshoot to‘liq quvvatda ishlashi bilan tuman markazidagi Uchtepa, Yangiobod va Yangi Hayot mahallalarida yashovchi 17 mingdan ortiq aholi uzluksiz va sifatli markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Eng muhimi, bunday loyihalar nafaqat suv ta’minoti barqarorligini oshiradi, balki aholi uchun munosib va qulay turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri