Jizzaxda xorijiy korxonalar soni ko‘paymoqda
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida qulay investitsiya muhitini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el sarmoyasini jalb etish, bu borada chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Qulpisar” mahalla fuqarolar yig‘inida xitoylik investorlar tomonidan oziq-ovqat sanoatida foydalaniladigan pigmentlar (rang berish uchun o‘simliklarning bargi, ildizi, guli, va mevasidan foydalaniladigan quyultiruvchi moddalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “FORIGHTCALCIUMINDUSTRY” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Ushbu korxonaning mas’ul rahbarlari Sharof Rashidov tuman soliq inspeksiyada bo‘lib, inspeksiya rahbari E.Erkaboyev bilan uchrashdi. Xorijlik ishbilarmonlarga mazkur uchrashuv davomida hududning investitsiya jozibadorligini oshirish borasidagi yaratilgan shart sharoitlar, soliq qonunchiligida belgilangan tartiblar, imtiyozlar borasida batafsil ma’lumotlar berildi.

– O‘zaro hamjihatlik va ikki tomonlama manfaatli hamkorlik ruhida o‘tgan uchrashuv samarasida tumanda xorijiy korxonalar soni yana bittaga ko‘paydi, – deydi Sharof Rashidov tuman soliq inspeksiyasi rahbari E.Erkaboyev. – Bu, o‘z o‘rnida, Prezidentimiz topshirig‘i ijrosini ta’minlashda, qolaversa, iqtisodiyotimiz yuksalishi va, eng muhimi, yoshlarni daromadli doimiy yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari