Jizzaxda uch avlod vakillari uchrashdi
Mamlakatimiz mustaqilligi tantanalarining 30 yilligi arafasida Jizzax viloyati hokimining tashabbusi bilan tashkil etilgan uch avlod uchrashuvida shahar va tumanlardan kelgan uch avlod vakillari – mehnat va front orti faxriylari, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha ilg‘orlari, o‘quvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo‘yish bilan boshlandi.
So‘ng Jizzax shahrida yangidan bunyod etilgan ijtimoiy, ma’muriy binolar, xususan “Prezident maktabi”, kapital ta’mirdan chiqarilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi uyi, xalqaro standartlar asosida barpo etilgan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Velotrek” sport majmuasi va viloyat markazining e’tiborga loyiq boshqa joylariga borildi.
Viloyat hokimi, mustaqillikning ilk yillaridagi og‘ir kunlar, oziq-ovqat taqchilligi, ishsizlik, iqtisodiyotdagi kamchiliklar, xalq turmush sharoitidagi muammolarning kelib chiqish sabablari haqida gapirdi. Keyingi yillarda qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi o‘sish, maorif va sog‘liqni saqlashdagi yangiliklar xususida batafsil to‘xtaldi.
Jumladan, 2017 yilda viloyatga 37 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich yarim milliarddan oshib ketdi. Ayni paytda, viloyatda yangi investitsiyalar asosida 604 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Birgina joriy yilda 1 ming 120 xonadonli 30 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. 2017 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi 19 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 75 foizga yetkazilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Agrotexnika qoidalariga e’tibor berilmaganligi sababli muomiladan chiqarilgan 20 ming gektar yer holati yaxshilanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 4 ming gektar yerda uzumzorlar barpo etildi.
Uch avlod uchrashuvi keksalar nasihati, yoshlarning fan, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlari haqidagi suhbatlari bilan davom etdi.
Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA