Jizzaxda “Siyosiy soat” tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan haftaning har juma kuni respublikamizdagi barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun onlayn “Siyosiy (ma’rifat) soat”lari tashkil etilmoqda.
Jizzax viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar va tashqi savdo, davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmalari xodimlari ham faol ishtirok etdi.

Ushbu “Siyosiy soat”larning tizimli tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad, bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv sharoitida mamlakatimiz va xorijda bo‘layotgan muhim voqeliklar, jarayonlardan xabardor qilish bilan birga, hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, davlat fuqarolik xizmatchilarining siyosiy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yangi islohotlarning tub mazmun-mohiyati bilan tanishtirish hisoblanadi.

Mazkur o‘quvni samarali tashkil etish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari malakasini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan maxsus portal – “ilm.argos.uz” platformasi hamda agentlikning “YouTube” videoxostingidagi rasmiy sahifasi orqali ma’ruzalarni tomosha qilish imkoniyati yaratilgan.

– O‘quvlarda yoritiladigan mavzular, taqdimotlar videoformatda qayd etilib, tizimga yuklab boriladi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali yetakchi inspektori Z.Beknazarov. – Platformadan ro‘yxatdan o‘tgan davlat xizatchisi esa, ushbu videomateriallardan kunning istalgan vaqtida bemalol foydalanish imkoniyatiga ega.
Mazkur “Siyosiy (ma’rifat) soat”da “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish”, “Huquqiy savodxonlik: hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati” mavzulari yuzasidan tinglovchilarga batafsil ma’lumotlar berildi.

Kelgusida ham Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan har haftaning juma kuni shu kabi o‘quvlarni tashkil etib borish rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA