Jizzaxda rahbarlar tadbirkorlar bilan uchrashdi
Jizzaxda viloyat hokimligi, “Agrobank” rahbar va vakillari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tingladi va murojaatlarini hal etdi.
Jizzax viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, Respublika Markaziy bank departamenti direktori Davron Karimov hamda “Agrobank” ATB Kuzatuv kengashi boshqaruv raisi o‘rinbosari Vohid Ochilovlar vohadagi eksportchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda tadbirkorlarning muammo, taklif va tashabbuslari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan to‘siqlar, jumladan, moliyaviy resurslarga kirish imkoni, eksport jarayonlaridagi qiyinchiliklar, bojxona va logistika masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-22656]
Tadbirda viloyat rahbariyati tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni hal qilishga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqib, tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillariga aniq topshiriqlar berildi, har bir masala bo‘yicha monitoring olib borish hamda tezkor yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Tadbirkorlar o‘z navbatida hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov va imtiyozlarning ahamiyatini ta’kidlab, biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Jumladan, tadbirkorlar uchun kredit resurslari, soliq yengilliklari va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha tashabbuslar ilgari surilishi zarurligi qayd etildi.
Bunday uchrashuvlar viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra, tadbirkorlar va viloyat hokimligi hamda respublika banklar rahbariyati vakillari o‘rtasidagi ochiq muloqotlarni doimiy ravishda davom ettirish hamda muammolarni tezkor hal qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilab olindi.
Bu kabi muloqotlar tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish yo‘lida samarali platforma sifatida xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari