Jizzaxda melioratsiya loyihalari qanday samara bermoqda?
Jizzax viloyatida joriy yilda meliorativ inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish, ta’mirlashda amalga oshirilayotgan jami 31 ta loyiha bo‘yicha 58 milliard 233 million so‘mlik ish bajarilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 969 kilometr uzunlikdagi zovurlar, 685 kilometrdan ortiq yopiq-yotiq drenajlar, 14 ta suv o‘tkazish inshooti foydalanishga topshiriladi.
Katta O‘zbek avtomobil yo‘li orqali Toshkentga kelayotgan kishi Sirdaryo viloyatidan boshlanib, Jizzax dalalari orqali Arnasoy ko‘liga quyiladigan Janubiy Mirzacho‘l bosh kollektorini, unga quyiladigan xo‘jaliklararo zovurlarni tozalayotgan o‘nlab qudratli ekskavatorlarni sanashi mumkin. Ekskavatorlarning uzun qo‘llari zovur tubida yillar davomida to‘planib qolgan loyni tashqariga chiqarib, yon kollektor va drenajlardan kelayotgan sizot suvga yo‘l ochmoqda.
Viloyatda jami 299 ming 233 gektar sug‘oriladigan maydonlar mavjud. Ana shu katta hududning meliorativ holatini barqaror ushlab turish maqsadida 18 ming 43 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari, 13 ming 159 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmoqlaridan foydalanib kelinmoqda.
Hududda melioratsiya va irrigatsiya tarmog‘iga mas’ul bo‘lgan Sirdaryo-Zarafshon irrrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufida 2 ming 238 dona kuzatuv qudug‘i, 85 dona suv o‘lchash (gidropost) inshooti va boshqa inshootlar mavjud. Qurilganiga ancha yillar bo‘lgan bu inshootlarning foydalanish samaradorligi pasayib bormoqda.
Eng katta muammo, uzoq yillar melioratsiya tadbirlari yetarli amalga oshirilmagani bois yerlarning asosiy qismida sizot suv ko‘tarilib, zax bosganligi hisoblanadi. Katta maydonlardagi kollektorlarni va drenajlarni tozalash katta mablag‘, katta kuch va texnika talab qiladigan ish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan davlat dasturi natijasida bu muammolar bartaraf etilayotir.
Davlat dasturi asosida katta miqdorda mablag‘ ajratilishi kuch va imkoniyatlardan samarali foydalanishga yo‘l ochib berdi. Ushbu dastur asosida har bir tumanda, hududlarda amalga oshiriladigan aniq ish hajmlari belgilanib, uni amalga oshirish bo‘yicha butunlay yangi tizim ham yaratildi.
– Jamoamiz ikki yildan buyon Zomin, Zarbdor, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi Jizzax bosh zovurini rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda, – deydi “Sangzorbuloq” MCHJ raisi Bahodir Mamatqulov. – Inshootdagi ishlarni yakuniga yetkazish uchun 4 milliard 300 million so‘mdan ortiq davlat byudjet mablag‘lari sarflanmoqda. Inshootda doimiy ishlab turgan 3 ta zamonaviy ekskvator, 2 ta buldozer, ushbu texnikalarni boshqarayotgan mutaxassislarimizning samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Barcha inshootlardagi ishlarni muddatidan ancha oldin, may-iyun oylarida yakunlamoqchimiz.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilab, tuproq unumdorligini saqlashda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilayotir. Shu maqsadda Sirdaryo-Zarafshon irrrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibida xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘lari evaziga geoaxborot texnologiyalari bilan jihozlangan monitoring markazi tashkil etildi. Ushbu markaz VPN tarmog‘i orqali Suv xo‘jaligi vazirligi bilan yagona tizimga ulangan. Bu esa, viloyatdagi yer osti suvlari sathi va sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanish dinamikasini real vaqt rejimida monitoring qilib turish imkonini bermoqda.
Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beruvchi MIS dasturiga o‘tish, hududlardagi 180 dona kuzatuv qudug‘ini avtomatlashtirilgan qurilmalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu sug‘oriladigan yerlarning sizot suvlari sathini aniqlash, ularning minerallashuvini onlayn rejimda kuzatish imkonini beradi.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlar natijasida viloyatda joriy yilning o‘zida 21 ming 293 gektar sug‘oriladigan maydonlarning hosildorligi oshishiga erishiladi. 2022 yilda esa, bu ko‘rsatkichni yana 28 ming gektardan ko‘proqqa oshirish belgilab olingan.
– Yerning kuchsizlanib, dehqon tili bilan aytganda “ozib” ketgani sabab to‘rt-besh yil ilgari ko‘pchilik fermerlar har gektardan o‘rtacha 18-20 sentnerdan paxta, 20-25 sentner g‘alla hosili olayotgandi, – deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov. – Boshqa ekinlar hosildorligi ham unchalik baland emas. Meliorativ tadbirlar amalga oshirilgan hududlarda bu ko‘rsatkichlar kamida 30 foizga oshishi kafolatlanadi. Asosiy ekinlardan tashqari yana takroriy ekin ekish, qo‘shimcha daromad olish imkoniyati vujudga kelmoqda.
Davlatimizning qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga berayotgan katta e’tibori tufayli rejalashtirilgan melioratsiya-irrigatsiya qurilishlari, ta’mirlash, tozalash ishlari belgilangan hajmda o‘z muddatida bajarilmoqda. Boquvchimiz bo‘lgan ona yerimizni sog‘lomlashtirish uchun amalga oshirilayotgan bu ishlar faqat dehqonlarning emas, shu zaminda yashovchi barchaning farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsadga qaratilgan.
T.Beknazarov, O‘zA