Jizzaxda “G‘ayratli keksalar” bellashdi
FOTOREPORTAJ
Jizzax politexnika institutida 60 yoshdan oshgan keksa avlod vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida “G‘ayratli keksalar” shiori ostida sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqaning Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada shahar va tumanlardagi 309 ta mahallada o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 13 ta jamoa ishtirok etdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga oid qaror va Farmonlari asosida mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Do‘stlik tumani bo‘limi mutaxassisi O‘ktam Temirov. - Tumanimizdagi mahallalarda saralash o‘yinlarini o‘tkazdik. G‘olib bo‘lgan jamoamiz bugungi musobaqaga yuqori ruh va tayyorgarlik bilan kelishdi. Maqsad yutuq emas, balki keksa va yosh avlodni sport musobaqalariga qiziqtirish va ularni faol hayot tarziga jalb qilishdir. Albatta, bu kabi tadbirlar o‘z samarasini beradi, deb ishonamiz.
Musobaqa jarayonida ishtirokchilarning sog‘lig‘ini nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlari jalb etildi. Ochiq havoda, issiq ob-havoga qaramasdan, nuroniylar bellashuvlarda faol ishtirok etdilar.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Zafarobod tumanidagi Cho‘liguliston mahallasi jamoasi uchinchi, Zomin tumanining Beruniy mahallasi jamoasi ikkinchi, G‘allaorol tumani G‘ofur G‘ulom mahallasi jamoasi esa birinchi o‘rinni egalladi. G‘olib jamoa respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi va diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
[gallery-24381]
Ma’lumot o‘rnida, “G‘ayratli keksalar” musobaqasining kelgusi bosqichlari avgust oyida belbog‘li kurash, sentyabr oyida esa shashka va shaxmat sport turlari bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar ishtirok etishlari ko‘zda tutilgan.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA