Jizzaxda g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in bormoqda (+video)
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham g‘alla pishib yetildi. Viloyatning cho‘l tumanlarida yetishtirilgan hosilga allaqachon o‘roq tushib, xirmonlar ko‘kka qarab bo‘y cho‘zayotgan bo‘lsa, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarining tog‘oldi hududlarida bugun-erta o‘rim boshlanadi.
O‘rim sal keyinroq boshlanadigan Baxmal, Zomin va Yangiobod kabi tog‘li tumanlarda esa barcha zarur vositalar o‘rimga shay qilib qo‘yilgan.
O‘tgan yilning kuz mavsumida viloyat dehqonlari jami 90 ming gektar yerga g‘alla urug‘i qadab, vaqtida o‘tkazilgan agrotexnik tadbirlar samarasida har yilgidan mo‘l hosil yetishtirildi va joriy qishloq xo‘jalik yilida 55 ta g‘allachilik klasteri va 3210 ta g‘allachilik fermer xo‘jaligi g‘allakorlari davlatga 216 ming 600 tonna don sotishni rejalashtirgan.
O‘rim-yig‘imni ko‘ngildagidek amalga oshirish maqsadida hokimliklar, huquq-tartibot idoralari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan biriktirilgan 510 nafarga yaqin mas’ul xodim 152 ta otryadda hosil o‘rim-yig‘imini ko‘ngildagidek o‘tkazishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ana shu otryadlarda viloyat bo‘yicha jami 293 dona “Keys”, “Klass”, “Nyu-Xolland”, “Dominator–130”, “Viktor” rusumidagi yuqori unumli kombayn operatorlari astoydil ter to‘kishayotir. O‘rim-yig‘im mavsumi davomida texnika vositalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni dala boshida bartaraf etish maqsadida 90 ta ko‘chma ustaxona tashkil etilgan.
Shuningdek, o‘rim-yig‘im bo‘layotgan g‘alla maydonlariga yoqilg‘ini tashib yetkazib berish uchun 119 dona yoqilg‘i tashish vositasi ajratilgan. 1505 dona yuk tashish avtomobili haydovchilari o‘rib-yanchilgan g‘allani don qabul qilish punktlariga peshma-pesh yetkazayotir.
O‘rim mavsumi davomida viloyatda tunu kun faoliyat yuritayotgan “G‘alla – 2024” shtabi mutasaddilarining tavsiyasiga binoan o‘rim-yig‘imda peshqadamlar safida borayotgan Paxtakor tumani g‘alla dalalariga xizmat safari uyushtirdik.
Paxtakor tumani mirishkorlari bu yil shartnoma bo‘yicha davlatga 30 ming 760 tonna don sotishni rejalashtirgan.
Shu kunlarda Paxtakor tumanidagi 241 ta g‘allachilik fermer xo‘jaligida 12 ming gektar maydonga ekilgan don hosilini 22 ta otryadga biriktirilgan 46 ta kombaynning 92 nafar operatori 18-20 ish kunida o‘rib-yanchib, 140 ta yuk tashish avtomobili yordamida nes-nobud qilmasdan g‘alla qabul qilish omboriga yetkazmoqda.
Bulardan tashqari, 12 ta yoqilg‘ini dala boshiga yetkazib berish vositasi hamda 4 ta ko‘chma ustaxona o‘rim-yig‘imda qatnashayotgan texnika vositalari xizmatida kechayu kunduz shay turibdi.
– O‘tgan yilning kuz mavsumida uyushmamizga qarashli 31 ta g‘allachilik fermer xo‘jaligi jami 1500 gektar maydonga serhosil g‘alla urug‘i ekib, mahalliy va meneral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berib, suvdan tejab-tergab foydalandik, – deydi “Paxtakor” fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi Botir Qodirov. – Har gektar g‘alla maydonidan 65-70 sentnerdan hosil ko‘tarib, davlatga 4700 tonna don sotishni rejalashtirganmiz. Uyushmamiz tasarrufidagi fermer xo‘jaliklari har gektar yerdan 80-85 sentnerdan hosil ko‘tarib, davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini 2-3 ish kunida 120 – 130 foiz qilib ado etdi. Xo‘jaligimizda g‘alla o‘rim-yig‘imini 8 ta kombaynda, 16 nafar kombayn operatorlari yordamida 12 ish kunida yakunlashni maqsad qilganimiz.
[gallery-17787]
– Boshqaruvimdagi ushbu “Keys” g‘alla o‘rim kombaynida 2 yildan buyon ishlab kelayapman, – deydi tumandagi eng ilg‘or kombayn operatori O‘rinboy Yodgorov. – Bu yil hosil har yilgidan mo‘l yetishtirilibdi. Har kuni 110-120 tonnadan oshirib, yuqori sifatli g‘allani o‘rib- yanchib, davlatimizning yuksak g‘alla xirmoniga o‘z ulushimni qo‘shayapman. O‘rim-yig‘imni qisqa fursatlarda va sifatli o‘tkazishimiz uchun bizga barcha sharoit yaratib berilgan. Ertalab to‘yimli nonushta, tushlik va kechga issiq ovqat soatma-soat yetkazib turilibdi. Dam olib hordiq chiqarishimiz uchun ham to‘la sharoit mavjud. O‘tgan yili ana shu kombaynimda 1500 tonna g‘allani o‘rib-yanchib bergan bo‘lsam, joriy mavsumda 2000 tonna xirmon uyushni maqsad qilganman. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ayamay mehnat qilishga va’da beraman.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yPNBYEFfg-c" title="Jizzaxda gʻalla oʻrim-yigʻimi qizgʻin bormoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Biz quyosh tig‘i qaytganidan so‘ng, paxtakorlik mirishkorlar ishlariga omad, xirmonlariga baraka tilab, shaharga qaytdik.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari