Jizzaxda eng ishbilarmon ayol aniqlandi
Jizzaxda OʻzLiDeP “Ayollar qanoti” guruhining istiqbolli loyihalaridan biri – “Ishbilarmon ayol” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Jizzaxda OʻzLiDeP “Ayollar qanoti” guruhining istiqbolli loyihalaridan biri – “Ishbilarmon ayol” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Unda koʻrik-tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan fermer va tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etdi. Koʻrik-tanlovda Sharof Rashidov tumanidagi “Xolmoʻmin Zohid” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Sharofat Noriyeva birinchi oʻrinni egallab, mamlakat bosqichiga yoʻllanma oldi.
Sh.Noriyeva rahbarlik qilayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida gulchilik, paxtachilik, gʻallachilik, baliqchilik, parrandachilik, echkichilik sohalarida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Bundan tashqari, fermer tomonidan “Olmachi”mahallasida “OʻzLiDeP kutubxonasi”, tikuvchilik va “AKVA” sexlari, ikkita xususiy bogʻcha faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. 80 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan.
Koʻrik-tanlovda ikkinchi oʻrinni Gʻallaorol tumanidagi “Mehrangiz” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “Moy globus” xususiy korxonasi rahbari Gulbahor Mamaziyoyeva, uchinchi oʻrinni Doʻstlik tumanidagi “Arslon - Aziza” fermer xoʻjaligi rahbari Feruza Bozorova egalladi.
Koʻrik-tanlovda “Tashabbuskor ayol”, “Mehr-saxovatli ayol”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik koʻrsatgan ishbilarmon ayol”, “Eng yosh, faol tadbirkor” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻoliblar aniqlab olindi. Barcha gʻolib va sovrindorlarga OʻzLiDeP viloyat kengashi va homiylarning faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.