Jizzaxda “Ekoplogging” aksiyasi o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Jizzax shahrida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan “Ekoplogging” aksiyasi tashkil etildi.
“Yashil Jizzax sari!” shiori ostida o‘tkazilgan aksiya davomida aholi yashash maskanlari va jamoat joylari chiqindilardan tozalandi. Tadbir hududlar ozodaligini ta’minlash, shaharning estetik qiyofasini saqlash hamda ekologik madaniyatni targ‘ib etishga xizmat qildi.
Aksiyada 150 nafardan ortiq faol va tashabbuskor yosh ishtirok etdi. Ular hududlarni obodonlashtirish ishlarida faol qatnashib, atrof-muhitni asrashga munosib hissa qo‘shdi.
[gallery-30657]
Tadbir ishtirokchilaridan Hayot Abdurahmonovning ta’kidlashicha, shahar obodligi va atrof-muhit musaffoligi, avvalo, har bir fuqaroning mas’uliyatiga bog‘liq. Bu kabi ekologik aksiyalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida atrof-muhit muhofazasi va shahar obodonchiligiga munosib hissa qo‘shgan eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA