Jizzaxda “Diqqat bolalar!” tadbiri
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi mavjud 555 ta umumta’lim maktabida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Diqqat, bolalar!” profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 10 kun davomida o‘tkazildi. Maqsad, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kollejlar atrofidagi yo‘llarda harakatlanayotgan yosh avlod ongida yo‘l qoidalariga amal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.
Viloyatdagi serqatnov yo‘llar yaqinida joylashgan barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, boshqa o‘quv muassasalarida “Yo‘l harakati qoidalari” o‘quv xonalari tashkil etildi. Xalq ta’limi vazirligi ishchi guruhi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Yo‘l harakati qoidalari” o‘quv xonalari bilan yaqindan tanishib, “Jizzax tajribasi”ni o‘rganmoqda.

– Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan Jizzax shahridagi 29 ta umumta’lim maktabining barchasiga 100 foiz “Yo‘l harakati qoidalari” xonasi tashkil etilib, eng zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida to‘liq jihozlab berilgan, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farrux Xudoyberdiyev. – Bundan tashqari, respublika byudjeti hisobidan viloyat YHXB tomonidan Jizzax shahridagi 22 ta umumta’lim maktabiga “Yo‘l harakati xavfsizligi tashqi maydonchasi” barpo etib berish rejalashtirilgan.
– Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan nafaqat “Diqqat bolalar!” 10 kunligi davomida, balki muntazam ravishda viloyatdagi barcha 555 ta maktabda profilaktika tadbirlari o‘tkazib kelinyapti, – deydi viloyat IIB YHXB matbuot xizmati rahbari, mayor Erkin Karimov. – Profilaktika tadbirlari davomida har bir o‘quv muassasasiga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari biriktirilib, piyodalarga, ayniqsa, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini bilishi zarurligi uqtirilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatdagi serqatnov yo‘llar yaqinida joylashgan har bir umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim muassasalariga 1 nafardan xodim ajratilgan bo‘lib, bolalarning muassasaga kelayotgan va ketayotgan paytida piyodalar o‘tish joyida piyodalar va yo‘l transport harakatini doimiy ravishda nazorat qilib bormoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA