Jizzaxda belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi
Jahonning eng sara polvonlari Jizzax gilamlarida bellashishga hozirlanmoqda.
Joriy yilning 24-27 noyabr kunlari Jizzax shahridagi "Sug‘diyona" sport majmuasida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbog‘li kurash bo‘yicha 2001-2003 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi matbuot xizmati.
Belbog‘li kurash qoidalariga ko‘ra, mazkur jahon chempionatida o‘g‘il bolalar belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishlarda 52, 62, 68, 75, 82, 90, 100, +100 kilogramm vazn toifasida, qizlar belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishlarda 48, 52, 58, 66, 76, +76 kilogramm vazn toifalarida kuch sinashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA), Xalqaro belbog‘li kurash federatsiyasi (IBWA), O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilishi kutilayotgan jahon chempionatini yuqori saviyada tashkillashtirish borasida muhim tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Milliy qadriyatlarimizning targ‘iboti, ommaviy sportni rivojlantirish yo‘lida muhim chempionatda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar 10 million so‘m, 2-o‘rin sohiblari 7 million va 3-o‘rindan joy olganlar 5 million so‘m mukofot bilan taqdirlanadi.
To‘rt kun mobaynida o‘tadigan chempionat bahslarida 30 dan ortiq davlatlarning kuchli polvonlari qatnashishi kutilmoqda.
O‘zA