Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Kecha G‘allaorol, Baxmal, Forish va Zomin tumanlaridan 21 nafar o‘qituvchi hamda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining 2 nafar o‘qituvchisi Malayziyaning UNIMAS universitetida amaliy malaka oshirish dasturida ishtirok etish uchun safarga otlanishdi.
Bugun ular Kuala-Lumpurda iliq kutib olindi, shahar bo‘ylab ekskursiyada bo‘lib, mamlakatning ta’lim tizimi va zamonaviy muhiti bilan tanishdilar.
Ertadan boshlab amaliy mashg‘ulotlar boshlanadi.

***
Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahallasidagi “Otchopar” massivida qurilgan 29-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy talablar asosida jihozlandi.
Yangi binoning ochilish marosimida viloyat, tuman hokimliklari, viloyat va tuman maktabgacha va maktab ta’limi tizimi rahbarlari, nuroniylar hamda mahalla ahli ishtirok etishdi.

***
Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Infolib O‘zbekiston – 2025” doirasida Ma’naviyat-ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limining boshlig‘i Iqboloy Umarovaning “Eshikli uy” asari taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda yoshlar, kitobxonlar va ijodkorlar ishtirok etib, asarning g‘oya va obrazlari haqida fikr almashdilar.
Muallif esa asar yaratilish jarayoni, bolalik xotiralari haqida so‘zlab berdi.
Kitobxonlar asardan olgan o‘z taassurotlarini bayon qilishdi.

***
Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti hamkorligida tayyorlangan “Jahon xalqlari adabiyoti” (1-qism) darsligi Boku shahrida nashr etildi.
Darslikda turli til guruhlariga mansub xalqlar adabiyoti, ularning o‘ziga xosligiga nazar tashlangan, shuningdek, Nobel mukofoti sohiblari ijodi haqida ma’lumotlar berilgan.
Asar filologiya yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar va keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.

***
Bugun “Chorshanba – favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi kuni” munosabati bilan G‘allaorol tumanida mas’ul tashkilotlar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda kuz-qish mavsumida yong‘in xavfsizligi, is gazidan zaharlanishning oldini olish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mutasaddilarga aniq vazifalar topshirildi, ishchi guruhlarga esa zarur yo‘riqnomalar berilib, hududlarga yuborildi.


***
Mirzacho‘l agrosanoat texnikumida “Vatan tayanchi” otryadi tashkil etildi.
Otryad yoshlari mahalladagi keksa fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, ularni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash, holidan xabar olib turishni yo‘lga qo‘ydi. Yoshlar nuroniylar xonadonlariga borib, ularning salomatligi va ehtiyojlari bilan qiziqdilar, amaliy yordam ko‘rsatishdi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri