Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohalariga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan vazifalar haqida so‘z bordi.
Shuningdek, yoshlarning murojaatlari, taklif va istaklari tinglandi, xohish-istak va qiziqishlari inobatga olinib, ularni turli tadbirkorlik sohalariga yo‘naltirish hamda bandligini ta’minlash choralari kelishib olindi.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan bir nechta yoshlarga faoliyat yo‘nalishlariga qarab asbob-uskunalar olib beriladigan bo‘ldi. Yana bir qancha yoshlarga ekin ekishda foydalanishlari uchun bir gektardan yer maydonlari ajratilishi belgilandi.
***
Ramazon hayiti arafasida Zafarobod tumaniga biriktirilgan Madaniyat vazirligi, Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi tuman hokimligi bilan birgalikda kam ta’minlangan, kambag‘al oilalarga va reyestir ro‘yxatida turuvchi, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga homiylik asosida sovg‘alar berildi.
Zafarobod tumanida jami 26 ta nochor, nogiron va kambag‘al oila o‘rganilib, shundan 19 ta fuqaroga elektropech, 6 ta fuqaroga tikuv mashinasi va 1 ta fuqaroga motokultuvator, shuningdek, 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va sovg‘a-salomlar topshirildi.
***
Mirzacho‘l tumani hududida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi”ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi aholi va ob’ektlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligini oshirish, xavf-xatarlar va tabiiy ofatlarga tayyor turish hamda xavfsizlik choralarini kuchaytirishdir.
“Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” tadbiri davomida amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar tuman hududidagi favqulodda vaziyatlarga tayyorlikni yanada kuchaytirish, xavfsizlikni ta’minlash va umuman, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan. Tadbirlar natijasida, tuman aholisi va infratuzilmasining favqulodda vaziyatlarga qarshi chidamliligi yanada mustahkamlanadi.
***
Jizzax shahrida joriy yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri horijiy investitsiya o‘zlashtirilishi hamda energiya resurslarini iqtisod qilish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada keng joriy etish maqsadida “Jinting automobile harness Suzhou limeted” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonaning “Avtotransport vositalari uchun elektr va elektron butlovchi qismlar ishlab chiqarish” loyihalari o‘rganildi.
O‘rganishda mas’ullar va tadbirkorlik sub’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish, tejamkor uskunalar o‘rnatish hamda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Zomin tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida “Yosh musavvirlar” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlovda ishtirokchilar o‘zining vizual san’atdagi mahoratlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tanlov 12-17 hamda 18-30 yosh toifalari bo‘yicha o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarining rasm chizish va tasviriy san’atdagi ko‘nikmalarini sinab ko‘rdilar. Har bir toifadagi qatnashchilar o‘zlarining eng yaxshi asarlarini jamoatchilikka taqdim etib, ijodiy yondashuvlarini namoyon etdi.
Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar diplom, esdalik sovg‘alari va tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma bilan taqdirlandi.
[gallery-22566]
***
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish yuzasidan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda tuman hokimi Odil Musanov, tuman hokimining o‘rinbosari Shavkat Kenjaboyev, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, tegishli tashkilot mas’ullari hamda tuman hududida istiqomat qiluvchi 30 nafardan ortiq faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida tuman hokimi bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, ularni yanada g‘ayrat-shijoat bilan olg‘a intilishga, Vatan koriga yaraydigan munosib farzandlar bo‘lishga da’vat qildi.
Uchrashuv davomida tuman yoshlaridan kelib tushgan murojaatlar asosan oliy ta’lim sohasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Jumladan, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi bo‘yicha, qizlarga kontrakt to‘lovini to‘lashi uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratilishi masalalariga doir murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar va bu boradagi tartib-taomillar haqida batafsil axborotlar berildi, shuningdek, ularga qonun doirasida yordam berilishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri